Viloyat hokimligida “SAN INTER” O‘zbekiston-Daniya savdo uyi direktori Sardor Abdukarimxodjayev hamda Ozarbayjonning “GREENTECH” kompaniyasi direktori Nizami Xaybetovlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, sersut zotdor chorva mollarini olib kelish, Namangan viloyati hududida zamonaviy energotejamkor issiqxonalar tashkil etish hamda Ozarbayjon texnologiyasi asosida noyob navli pomidor yetishtirishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

 

Shuningdek, “LELY” kompaniyasining (Niderlandiya Qirolligi) Rossiyadagi vakolatxonasi rahbari Yerun Keyzer hamda Gollandiyaning “LIGTHART BLOEMBOLLEN V.O.F” korxonasi rahbari Ya.Liytxart bilan bo‘lgan uchrashuv ham samarali kechdi.

 

Suhbat davomida Namangan viloyati hududida sut yetishtirishga ixtisoslashgan chorva kompleksi va Gollandiyaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi tajribasini o‘rganish markazini tashkil etish loyihalari hamda Gollandiya tajribasi asosida gulchilikni rivojlantirish, xususan lola guli yetishtirishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etish masalasi muhokama qilinib, Kosonsoy tumanida 3 gektar maydonda lola guli yetishtirishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etishga kelishildi.

Axborot xizmati.