Namangan shahrida o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi o’quvchilarining “Barkamol avlod – 2014” respublika sport musobaqalari boshlandi.

Namangan shahrining bugungi oqshomi o’zgacha tarovatli. Viloyatda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarining samaralari rang-barang chiroqlar yog’dusida yanada maftunkor manzara kasb etgan.

Bu oqshom Namanganning Do’stlik ko’chasi har kungidan-da gavjum. Bayramona kayfiyatdagi yurtdoshlarimiz “Navbahor” stadioni tomon oshiqmoqda.

“Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi ana shu yerda o’tadi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan va yoshlarimizning sevimli sport anjumaniga aylangan uch bosqichli sport musobaqalari 2000 yili Universiada bilan Namanganda boshlangan edi. Mana shu stadionda bo’lib o’tgan o’sha tantanali marosimlar shukuhini namanganliklar hamon iliq taassurotlar bilan eslaydi.

Bugun yana bir shunday yirik nufuzli tadbir – yoshlik, barkamollik, nafosat va birdamlik bayrami – “Barkamol avlod – 2014” musobaqalariga mezbonlik qilayotgan Namangan yanada chiroy ochgan.

Nihoyat, orziqib kutilgan daqiqalar keldi. Yigirma mingdan ziyod tomoshabin kelgan stadion uzra “Barkamol avlod – 2014” sport o’yinlarining chorlov sadolari yangraydi.

Maydonga Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning terma jamoalari kirib keladi.

Namangan viloyati hokimi B.Yusupov akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o’quvchilarining “Barkamol avlod – 2014” sport o’yinlarini ochiq deb e’lon qildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Barkamol avlod – 2014” sport o’yinlari ishtirokchilariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o’qib eshittirdi.

O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.

Davlatimiz bayrog’i ko’tariladi.

“Barkamol avlod” sport o’yinlari bayrog’i hilpiraydi.

“Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalari ishtirokchilari bo’lajak bellashuvlarda halol va murosasiz kurashishga tantanali qasamyod qiladilar.

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, ularning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, salomatligini mustahkamlashi, kasb-hunar egallashi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratishga izchil e’tibor qaratib kelinmoqda.

Bunday ezgu ishlar farzandlarimizning sportga qiziqishini yanada oshirish, ularning sog’lom, kuchli, mard va qat’iyatli bo’lib kamolga yetishiga xizmat qilmoqda.

Bugun katta hayotga dadil kirib kelayotgan yoshlar – xalqimiz orzu qilgan barkamol avlod vakillaridir. Ular o’z sohalari bo’yicha puxta bilim olgan, zamonaviy axborot texnologiyalarini o’zlashtirgan, xorijiy tillarni yaxshi biladigan, bilimli, yuksak ma’naviyatli va jismonan sog’lom yoshlardir.

Mamlakatimizdagi bir yarim mingdan ziyod bolalar sporti inshootlarida tashkil etilgan 65 mingdan ortiq sport sektsiyalarida ikki millionga yaqin bola sportning o’ttizdan ziyod turi bilan muntazam shug’ullanmoqda. Ularning 840 mingdan ortig’i qizlardir. Qishloqlarda yaratilgan sharoit tufayli sport bilan shug’ullanayotgan qishloq bolalarining soni 2003 yildagi 14,7 foizdan 2013 yilda 43 foizga, jumladan, qiz bolalar ulushi 17,8 foizdan 37,9 foizga o’sdi.

Jismoniy tarbiya va sport bilan shug’ullanayotgan o’g’il-qizlar safi kengaygani sari, tabiiyki, sport inventarlariga bo’lgan talab ham ortib bormoqda. Bolalar sporti inshootlari uchun zarur bo’ladigan 120 turdagi uskuna va anjomlarning 116 turi mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda.

O’zbekiston ommaviy sportni rivojlantirish orqali katta sportda ham ulkan yutuqlarga erishayotir. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tiborning amaldagi samaralari – yoshlarimizning jahon va qit’a miqyosidagi nufuzli musobaqalarda qo’lga kiritayotgan yutuqlaridan haqli ravishda faxrlanamiz.

Mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilayotgan sportchilar orasida uch bosqichli sport tizimidan yetishib chiqqan yoshlar ko’pchilikni tashkil qiladi. Bugun ushbu mohir sportchilarimiz ulg’ayib kelayotgan o’g’il-qizlar uchun haqiqiy o’rnak va namuna timsoliga aylangan.

Bu borada “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalaridan iborat uzluksiz sport tizimining ahamiyati beqiyos. Mazkur uch bosqichli noyob sport tizimi mutaxassislar tomonidan yangi pedagogik texnologiya sifatida e’tirof etilib, bugun ko’plab davlatlar katta qiziqish bilan o’rganayotir.

Mazkur tizimning o’rta bo’g’ini – “Barkamol avlod” sport musobaqalari oltinchi marotaba o’tkazilmoqda. Mazkur musobaqaga ilk marotaba 2001 yilda Jizzaxda start berilgan edi. Musobaqaning mamlakat bosqichida tuman, shahar, viloyat miqyosidagi bellashuvlarda o’z iqtidori va qobiliyatini namoyon etgan eng sara sportchilar qatnashadi. “Barkamol avlod” bellashuvlarida qayd etilayotgan natijalar, ko’rsatkichlar, rekordlar yildan-yilga o’sib borayotgani yoshlarimizning sportdagi salohiyati yuksalayotganidan dalolatdir.

Musobaqalarga Andijon, Chirchiq, Nukus va Termiz shaharlari mezbonlik qildi. Ularda qatnashgan yoshlarning iqtidori va mahorati muntazam oshib borayotganini ko’plab sportchilarimiz xalqaro maydonlarda salmoqli yutuqlarga erishayotganida ham ko’rish mumkin. Jumladan, Jamshid Iskandarov va Igorь Sergeev futbol bo’yicha mamlakatimiz o’smirlar terma jamoasi safida Osiyo va jahon chempionatlarida to’p surdi. Badiiy gimnastikachi Komila To’xtaeva, Veronika Yesipova va Ravilya Farxuddinova, shaxmatchi Nodira Nodirjonova, Hulkar Tohirjonova, yengil atletikachi Ruslan Qurbonov, Zarnigor Ortiqova, suzish bo’yicha O’zbekiston rekordchisi Yulduz Qo’chqorova qit’a miqyosidagi musobaqalarda ko’p bor shohsupaga ko’tarildi. Polvonlarimizdan belbog’li kurash bo’yicha uch karra jahon chempioni Rustam Umarov, kurash bo’yicha yoshlar o’rtasida jahon chempioni SHahboz Saidmurodov kabi sportchilarimizning nufuzli musobaqalarda erishayotgan natijalari muxlisu mutaxassislar tomonidan yuksak baholanmoqda.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sport har qaysi millat, har qaysi xalqni dunyoga tanitishning, uning salohiyatini namoyon etish, g’urur va iftixorini yuksaltirishning eng samarali va ta’sirchan vositasidir. Insonning shaxs sifatida kamol topishida, unda kuchli iroda, g’alabaga intilish, qiyinchiliklarni yengish ruhini tarbiyalashda, qalbi va ongiga vatanparvarlik, el-yurtga sadoqat, iftixor tuyg’ularini singdirishda sportning ahamiyati beqiyos. Davlatimiz rahbarining bolalar sporti – o’zbek sportining kelajagi, uning xalqaro maydondagi obro’-e’tiborini oshirishning mustahkam poydevoridir, degan fikri amalda o’z isbotini topmoqda.

...Stadionga Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan "Fizika-Quyosh" ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutining quyosh o’chog’idan alanga oldirilgan “Barkamol avlod – 2014” sport o’yinlarining mash’alasini ko’targan yigit va qiz kirib keladi.

“Barkamol avlod – 2014” sport o’yinlari olovini badiiy gimnastika bo’yicha O’zbekiston chempioni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi SHohista Rashidova va belbog’li kurash bo’yicha uch karra jahon chempioni Rustam Umarov yoqadi.

Tomoshabinlarning hayajonli xitoblari, gulduros olqishlari bilan kutib olingan ushbu alanga yoshlarimizning qaynoq qalbi, yoniq orzu-intilishlari ramzi sifatida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o’quvchilarining “Barkamol avlod – 2014” musobaqalari davomida porlab turadi.

Mutaxassislar va keng jamoatchilik tomonidan “Kichik Olimpiada”, deb ta’riflangan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi musobaqalari Olimpiya o’yinlari qoida va talablari asosida o’tkaziladi. E’tiborlisi, bu yilgi musobaqalar avvalgisidan to’rtta ko’p, ya’ni sportning o’n olti turi – basketbol, voleybol, futbol, qo’l to’pi, og’ir atletika, dzyudo, yunon-rum kurashi, erkin kurash, boks, taekvondo, yengil atletika, badiiy gimnastika, tennis, stol tennisi, suzish va shaxmat bo’yicha o’tkazilmoqda. Musobaqalarda ishtirok etadigan yoshlarning aksariyatini sport bilan muntazam shug’ullanib, yuksak marralar sari intilayotgan, bolalar va o’smirlar o’rtasidagi bellashuvlarda tajriba va mahoratini oshirib, katta sportdagi muvaffaqiyatli odimlarini boshlash arafasida turgan iqtidorli o’g’il-qizlar tashkil etadi.

 

“Barkamol avlod” musobaqalari mezboni Namangan viloyatida sportni rivojlantirish, ayniqsa, bolalar sportining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o’sib kelayotgan yosh avlodning jismonan sog’lom bo’lib voyaga yetishi uchun qulay sharoit va keng imkoniyatlar yaratishga katta e’ibor qaratilmoqda. Xususan, Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi tashkil etilganidan buyon o’tgan davrda viloyatda 140 ga yaqin sport inshooti, jumladan, bolalar musiqa va san’at maktablari qurilib, foydalanishga topshirildi.

Prezidentimizning 2009 yil 6 avgustdagi “Namangan shahrini 2009-2012 yillarda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo’yicha chora-tadbirlar dasturi to’g’risida”gi qarori asosida qurib foydalanishga topshirilgan “Barkamol avlod” sport majmuasi sportsevar yoshlar uchun munosib tuhfa bo’ldi. Ushbu majmua tarkibida xalqaro standartlarga javob beradigan katta stadion, yopiq suzish havzasi, yengil atletika, sport gimnastikasi, boks, kurash, voleybol, basketbol maydonlari va tennis korti mavjud.

Davlatimiz rahbarining 2011 yil 19 yanvardagi “2011-2013 yillarda respublikada futbolning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va uni rivojlantirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori asosida “Navbahor” stadioni jahon andozalari darajasida rekonstruktsiya qilindi.

Shaharda “Kamolot” yoshlar bog’i, “Kichkintoy” bog’i barpo etilib, zamonaviy attraktsionlar o’rnatildi. “Kichkintoy” bog’ida hayvonot bog’i va okeanariy tashkil qilindi. Nodira nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi, Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog’i, Alisher Navoiy nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatri singari madaniyat maskanlarida ham katta hajmda rekonstruktsiya ishlari amalga oshirildi.

Yosh avlodning orzu-intilishlarini ro’yobga chiqarishga ko’maklashish maqsadida barpo etilgan 400 o’rinli tomosha, 50 o’rinli konferentsiya zali, ko’rgazmalar zali, 20 ga yaqin to’garaklar bir paytda mashg’ulot o’tkazishiga mo’ljallangan xonalar, yangi oila qurayotgan yoshlarni nikohdan o’tkazish, sog’lom hayot asoslari, internet tarmog’iga ulangan axborot resurs bo’limlari, biryo’la 100 dan ziyod yigit-qizning bir necha sport turi bilan shug’ullanish imkoniyati yaratilgan sport zalini o’z ichiga olgan “Namangan Yoshlar markazi” viloyat yoshlarining kamoloti yo’lida xizmat qilmoqda.

“Barkamol avlod” musobaqalari dasturiga kiritilgan sport turlari bo’yicha inshootlar, ishtirokchilar joylashtiriladigan mehmonxona, yotoqxona hamda boshqa ijtimoiy-maishiy ob’ektlar zamonaviy andozalarda ta’mirlanib, jihozlandi. Jumladan, “Do’stlik” tennis korti majmuasida 8 ochiq va ikkita yopiq kort, Namangan Olimpiya zaxiralari kollejining basketbol zali, “Pahlavon” sport majmuasining badiiy gimnastika zali, “Barkamol avlod” sport majmuasi, futbol, voleybol, qo’l to’pi, yengil atletika, og’ir atletika maydonlari, suzish havzasi, shaxmat pavilьoni, Oliy sport mahorati maktabining boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, yunon-rum kurashi zallarida musobaqalarning yuqori saviyada o’tishini ta’minlash uchun barcha qulayliklar yaratildi.

Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-pedagogika, Namangan muhandislik texnologiya institutlari va bir qator kollejlarning turar-joylari va sport zallari, inshootlarida keng ko’lamdagi ta’mirlash va rekonstruktsiya ishlari amalga oshirildi.

Musobaqa ishtirokchilari uchun o’quv yurtlarining yotoqxona majmualari ta’mirlanib, qulay shart-sharoitlar yaratildi.

“Barkamol avlod – 2014” bellashuvlarining final bosqichi qatnashchilari uchun qiziqarli va ko’ngilochar tadbirlarga boy katta madaniy dastur tayyorlandi. Unda taniqli sportchilar, yozuvchi va shoirlar, san’at namoyandalari bilan uchrashuvlar, diqqatga sazovor joylarga sayohatlar, turli kontsertlar, badiiy filьm va spektakllar namoyishlari, “Istiqlol” dizayn markazi, “Iftixor kiyim sanoat”, “Nestle O’zbekiston” kabi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishtirish singari tadbirlar ko’zda tutilgan.

...Maydonga musiqa sadolari ostida rang-barang liboslardagi sportchilar, bolalar ijodiy jamoalari, taniqli estrada xonandalari kirib keladi. Ular ijro etgan sahna ko’rinishlari, qo’shiq va raqslarda O’zbekiston yoshlariga xos intilish, g’ayrat-shijoat, jo’shqinlik va nafosat namoyon bo’ladi. Mamlakatimizning iste’dodli yosh avlodi vakillari yorqin teatrlashtirilgan tomosha namoyish etadi.

“Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalari o’yinlarining tantanali ochilish marosimi katta kontsert dasturi bilan yakunlandi.

“Barkamol avlod – 2014” sport musobaqalarining ochilish marosimida O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoev ishtirok etdi.

 

 

Manba: Axborot xizmati

Microsoft Word ko'rinishida ko'chirb olish (47,0 KB)