Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Assalomu alaykum, tantanali marosim ishtirokchilari!

Mana shunday qutlug’ kunlarda jonajon Vatanimiz, maftunkor va betakror O’zbekistonimiz uchun mustaqil, xalqimizni erkin hayot kechirishi, yurtimizni jahon sahnidan munosib o’rin egallashi uchun muhim huquqiy poydevor bo’lgan, o’zida asosiy printsip va qoidalarni muhrlab bergan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23 yilligini hayajon va ko’tarinkilik bilan nishonlamoqdamiz.

Shu bois, har yili barchamiz uchun muqaddas sanalgan Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni, shu yurt, ushbu zaminda yashayotgan har birimiz o’zgacha faxr-iftixor va yuksak g’urur bilan kutib olamiz.

Fursatdan foydalanib, tantanali yig’ilishda ishtirok etayotgan Sizlarni, Sizlar orqali barcha namanganliklarni mamlakatimiz hayotidagi muhim sana, siyosiy bayramimiz bo’lmish Bosh Qomusimiz qabul qilinganligining 23 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman!

Mustaqillik yillarida hayotimiz, ongu shuur va tafakkurimizda ro’y bergan ulkan o’zgarishlar, milliy qadriyatlarimizni tiklash, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, kelajagimiz egalari bo’lgan yoshlarni barkamol etib tarbiyalash borasidagi sa’y-harakatlar, barcha xududlarda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari Asosiy qonunimiz va unda aks etgan tamoyillar bilan bog’liq ekanini bugun har birimiz chuqur his etmoqdamiz.

Aynan O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimizning xohish-irodasi, inson huquq va manfaatlari, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlarini mujassamlashtirgan huquqiy qomusdir.

Aziz do’stlar! O’tib borayotgan istiqlol yillarida muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida  erishgan barcha yuksak natijalar, eng avvalo, inson huquqlari va erkinliklarining ta’minlanishi, davlat boshqaruvining eng samarali mexanizmini joriy etilishi, fuqarolik jamiyati asoslarini vujudga kelishi va rivojlanishi albatta Konstitutsiya va u asosida qabul qilingan qonunlarning izchil amalga oshirilishi natijasida qo’lga kiritilgani bugun shu yerda o’tirganlar ham alohida e’tirof etadilar, desam hech mubolag’a qilmagan bo’laman.

Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlaymanki, mustaqil yurtimiz, shu jumladan, viloyatimizda olib borilayotgan keng ko’lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, ulkan ijobiy o’zgarish va yangilanishlar, albatta Bosh Qomusimiz berayotgan ulkan imkoniyatlar samarasidir.

Asosiysi, Bosh qomusimizdan o’rin olgan har bir bo’lim, bob va moddalarda xalqimiz irodasi, ruhiyati, ijtimoiy onggi va madaniyati o’z aksini topgani bilan ahamiyatlidir.

Zero, yana bir bor takror aytaman, Konstitutsiya barchamizning farovon hayot kechirishimiz va erkin mehnat qilishimizning kafolatlovchi muhim qonundir.

Shu o’rinda, bosh qomusimizda o’rin olgan ayrim norma va uning hayotimizdagi o’rni haqida to’xtalib o’tsam.

Asosiy qonunimizning 53-moddasida “Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O’zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi. Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin” deb belgilab qo’yilgan.

Darhaqiqat, istiqlol yillarida Yurtboshimizning alohida e’tiborlari bilan mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan izchil islohotlar samaralarini bugun barchamiz guvohimiz.

Jumladan, joriy yilning o’zida xususiy mulk o’rni va rolini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va jadal rivojlantirish, turli to’siqlarni bartaraf etishga qaratilgan qator farmonlarni qabul qilinishi fikrimizni yorqin ifodasidir.

So’zimni davom ettirib, shuni ta’kidlash joizkki, viloyatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning o’rni va ahamiyati alohidadir.

Buni Prezidentimizning 26 noyabrь kuni xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida iqtisodiyotimizning hal qiluvchi tarmoqlaridan biriga aylanib borayotgan kichik biznes va tadbirkorlik sohasini viloyatimizda izchil rivojlanayotganini alohida e’tirof etganliklari ham fikrimizning ifodasidir.

Aynan bugungi kunda yalpi hududiy mahsulot tarkibida bu sohaning ulushi 80 foizni tashkil etayotgani, ish bilan band aholining 82 foizdan ziyodi ushbu sektorda mehnat qilayotgani quvonarli holdir.

Albatta, bu raqamlar, soha rivoji yaqin yillarda yanada ortishi, rivojlanishi uchun muhim Dastur qabul qilinyaptiki, bu ham bo’lsa Prezidentimizning Namangan viloyatiga bo’layotgan e’tiborlarining yana bir yorqin namunasidir.

Ya’ni, Namangan viloyatining sanoat salohiyati va infratuzilmasini keksin rivojlantirish bo’yicha 2016-2019 yillarga mo’ljallangan 5 ta yo’nalishdan iborat maxsus Dastur ishlab chiqildi.

O’zida yangi sanoat ob’ektlarini barpo etishga qaratilgan 16 ta yirik, faoliyat ko’rsatayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo’yicha 25 ta  investitsiya, mahalliy hokimiyat idoralari va tadbirkorlik tuzilmalarining sanoat yaratish bo’yicha tashabbuslari asosidagi 177 ta loyihalar dasturning o’zagini tashkil etadi.

Quvonarlisi, ushbu dasturlar doirasida kelgusi 4 yilda umumiy qiymati 5 milliard dollar bo’lgan 250 dan ziyod loyiha amaliyotga tadbiq etiladi va 16 mingdan ortiq yangi ish o’rni yaratiladi.

Xurmatli tantanali marosim qatnashchilari!

Har yili Konstitutsiya kuni tantanalari chog’ida muhtaram Yurtboshimiz kelgusi yilning mazmun-mohiyatini belgilab beruvchi, yo’nalishlarimizga aniqlik kirituvchi  yil nomini e’lon qiladilar.

Amaldagi “Keksalarni e’zozlash yili” deb nomlangan yilimiz mamlakatimiz, barcha viloyatlar qatori Namangan va namanganliklar uchun ham qutlug’ keldi.

Buni viloyatni joriy yilning to’qqiz oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlaridan ham bilsak bo’ladi.

Xususan, viloyatimizda o’tgan to’qqiz oyda 4 trillion so’mdan ziyod yalpi hududiy mahsulot yaratildi. “Namangan viloyatini 2013-2015 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturi”ga asosan 1306 ta loyihalar amalga oshirilib,  6589 ta ish o’rni tashkil etildi.  

Xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay investitsion muhit yaratish, sanoat korxonalarini texnik va texnologik yangilash va modernizatsiya qilishga jiddiy e’tibor qaratilayotganligi, shuningdek, eksportyor korxonalar moliyaviy qo’llab-quvvatlanayotganligi natijasida yilning o’tgan davrida eksport operatsiyalarini amalga oshiruvchi korxona va firmalar 124tani tashkil etib, eksport geografiyasi kengayib bormoqda.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan barpo etilayotgan namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylarning 848 tasi foydalanishga topishirilmoqda.

Bunday yutuq va marralarni barcha sohalarda ko’rishimiz mumkin.

Aziz do’stlar! Biz namanganliklar doimo Yurtboshimiz e’tiboridamiz. Buni ayni kunlarda jadallik bilan barpo etilayotgan yirik loyihalar, “Angren-Pop” elektrlashgan temir yo’l, To’raqo’rg’on issiqlik elektr stantsiyasi yana bir bor Farg’ona vodiysi viloyatlariga ko’rsatilayotgan alohida g’amxo’rliklarining ifodasidir.

Biz bundan doimo faxr-iftixordamiz.

Qadrli tadbir ishtirokchilari! Bu faxrlanish esa tinch yurt, osoyishta zaminda hayot kechirib, vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi yo’lidagi ezgu ishlarimizning amaldagi yaqqol ifodasidir.  

Shu o’rinda alohida ta’kidlashni istardikki, xalqimizning azmi-shijoati, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, islohotlarning izchil amalga oshirishga ko’shgan hissalari Prezidentimiz, Hukumatimiz  tomonidan munosib baholanib kelinmoqda.

Buni O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 24 yilligi arafasida bir guruh yurtdoshlarimizning davlat mukofotlari, yuksak orden, medallarga sazovor bo’lganliklarida bilish mumkin.

Mukofotlangan viloyatimizning fidoiy insonlarini bir olqishlasak!

Xurmatli tadbir ishtirokchilari!

Fursatdan foydalanib, yana bir bor Sizlarni va barcha viloyatimiz ahlini O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining qutlug’ 23 yilligi bilan chin qalbimizdan muborakbod etamiz.

Kuni kechagi Muhtaram Prezidentimizning viloyatimizga tashriflari chog’idagi “Namangan ahli o’zining boshqalarga o’xshamaydigan, betakror an’ana va qadriyatlari bilan azaldan shuhrat qozonib keladi. Bu elga mansub xislatlar – insonni qadrlash, mehr-oqibat, mehmondo’stlik, xushmuomalalik kabi ajoyib fazilatlarni hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak baholaymiz” degan e’tiroflari ko’ngilimizni yanada tog’dek ko’tardi.

Kelinglar! Barchamiz yelkama-elka, “bir musht” bo’lib Yurtboshimizning e’tiroflariga munosib javobi sifatida viloyatimizning barcha sohalarda yanada yuksalish, yanada taraqqiy ettirish uchun bor kuch-mehnatimizni safarbar etaylik!.

Bu yo’lda barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, xonadoningizga fayzu baraka tilaymiz.

Bayram muborak bo’lsin, aziz namanganliklar!

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech