Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Assalomu alaykum aziz hamyurtlar!

Bayram tantanamizning qadrli ishtirokchilari!

Bugun ona Vatanimiz bayramlar og’ushida. Butun O’zbekiston xalqi shodu xurram, diyorimizdagi kattayu-kichikning orzu-umidlari, quvonchu shodliklari bir olam. Mustaqillik bayramiga xalqimizning mo’’tabar va aziz ayyomi Qurbon xayiti qo’shilib nishonlanayotgani qalblarimizga o’zgacha shukuh, bir olam surur baxsh etmoqda.

Mana shu onlarda ushbu bayramona bezangan go’zal maydonga tashrif buyurgan Siz hurmatli yurtdoshlarimizni, barcha viloyatimiz ahlini Mustaqillik bayrami hamda unga qo’shaloq kelgan Qurbon hayiti bilan qizg’in va samimiy muborakbod etaman. Mana shu qutlug’ damlarda Siz azizlarga mustahkam sog’lik-omonlik, diyorimizdagi har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.  

Qadrli vatandoshlar!

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Xalqimiz ushbu ulug’ bayramimizga bir dunyo orzular bilan ertani kutib, kelajakka ishonib to’yu tomoshalar qilish, yangi uy-joylar solish, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo’shish uchun “Fidoying bo’lgaymiz seni, O’zbekiston” degan ezgu  niyat bilan peshvoz chiqmoqda. Binobarin hozir  har birimiz guvohi bo’lib turganimizdek, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi, o’ziga xos, ayni vaqtda  shijoatli bosqichi boshlandi. Prezidentimiz muhtaram Shavkat Mirziyoev rahnamoligida ijtimoiy hayotimizning deyarli barcha jabhalarida hayotbaxsh, ayni vaqtda jo’shqin islohiy o’zgarishlar  ro’y bermoqda. Ushbu qutlug’ yilimizning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi hamda o’tgan qisqa vaqtda bu borada juda katta xayrli ishlar amalga oshirilayotganiyoq davlatimiz rahbarining naqadar oliyjanob siyosatdon ekanini, xalqimizning barcha-barcha tabaqalariga ehtirom ko’rsatish, bir so’z bilan aytganda hammani rozi-rizo qilish barcha darajadagi rahbarlarning  eng sharafli burchiga aylanganini har birimiz ko’rib-bilib turibmiz.

Barchamiz yana  bir haqiqatga guvohmizki, davlatimiz rahbari viloyatimizga tashriflari davomida ijtimoiy hayotimizning eng muammoli jihatlariga e’tibor qaratdilar, keng ko’lamli yordamlar ko’rsatib, aniq yo’l-yo’riqlar asosida yuzlab loyihalarga asos yaratib berdilar. Ayniqsa shu yil 7-8 iyul kunlari viloyatimizga tashriflari chog’ida  Prezidentimiz Namangan shahrining, deyarli barcha tumanlarning har tomonlama rivojlanishi bo’yicha juda katta rahnamolikni amalda namoyon etdilar. Tashrif yakuni bo’yicha  jami  2,2 trillion so’mlik 80 dan ortiq  turli hajmdagi loyihalar ijrosiga kirishildi. Pop, Chust tumanlari va Namangan shahrining ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash va qurish hisobiga 200 milliard so’m mablag’ o’zlashtiriladi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashrif chog’ida To’raqo’rg’onda o’zlarining tashabbuslari bilan boshlangan Ishoqxon to’ra Ibrat majmuasi, Chortoq tumanida qayta qurilayotgan Sulton Uvays Qoraniy ziyoratgohi bo’yicha qimmatli maslahat va tavsiyalar berdilar. Shuningdek tashrif sharofati bilan viloyatda 2017-2018 yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarishga 200 million dollarlik investitsiya yo’naltirilmoqda. Viloyat hududidagi past rentabelli adirliklarda yong’oqzor, pistazorlar bunyod etish, paxta va g’alla maydonlarini kamaytirish hisobiga qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko’paytirish, kovul ekishni tashkil qilish, parrandachilik va echkichilikni rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan loyihalar ham tez orada xalqimiz farovonligiga xizmat qila boshlaydi. Prezidentimizning viloyatda  Gulchilar assotsiatsiyasi tashkil etish bo’yicha ko’rsatmalari  ham sohaga yangi istiqbollar bag’ishladi.

Viloyat markazida  namunaviy loyiha asosida bunyod etiladigan o’n sakkizta 7 qavatli arzon turar joylar, Farg’ona vodiysi temir yo’llarini elektrlashtirish kontseptsiyasi, Namangan temir yo’l vokzalini yangidan qurish, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya va endokrinologiya ilmiy-amaliy markazlari Namangan filiallari binolarini rekonstruktsiya qilish, ularni malakali kadrlar va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, Kosonsoy tumanida yoshlar va o’smirlar texnoparki bunyod etish loyihalari  namanganliklarni  ertangi kunlarga ishonch ruhida bunyodkorliklarga da’vat etmoqda.

Hurmatli hamyurtlar!

Prezidentimiz tomonidan mahalliy hokimliklar oldiga qo’yilayotgan talab va ko’rsatmalar doirasida keng ko’lamli amaliy ishlarga qodir ekanimizni hayotning o’zi tasdiqlamoqda. “Xalq bilan muloqot va inson mafaatlari” yilining o’tgan davrida viloyatimizda katta hajmda qurilish-obodonchilik ishlari, yuzlab ijtimoiy va iqtisodiy loyihalar amalga oshirildi. Avvalo pillakor va g’allakorlarimiz 2017 yil uchun belgilangan shartnoma rejalarini sharaf bilan bajardilar. O’tgan sakkiz oyda viloyatda 5128 ta tadbirkorlik sub’ektlari ish boshlab, yaqin 36 mingta ish o’rinlari yaratildi. 105 million dollar miqdorida eksport amallari, 853,3 milliard so’mlik qurilish-obodonchilik ishlari bajarildi. Yuzlab kilometr yo’llar asfaltlandi, rekonstruktsiya qilindi. Ming nafarga yaqin nogironlarga alohida g’amxo’rliklar ko’rsatildi. Viloyatimizda dori vositalari ishlab chiqarish sohasi jadal rivojlanmoqda.

 “Mingbuloqneft” O’zbekiston – Xitoy qo’shma korxonasi amalga oshirayotgan qiymati 255 million dollardan ortiq loyiha natijasida Mingbuloq neft konidan yiliga 200 ming tonna suyuq uglevodorod qazib olish imkoni yuzaga keladi. Uchqo’rg’on tumani hududida Katta Farg’ona kanalida kichik GESlar kaskadini qurish ishlari boshlandi. Pop tumanida quyosh batareyalari orqali energiya olish yo’lga qo’yildi, To’raqo’rg’on tumanida yirik quvvatli issiqlik elektr stantsiyasi iste’molimizni bemalol qoplaydigan energiyani yetkazib beradigan kunlarga ham juda oz qoldi.

Mustaqillik ayyomi viloyatimiz uchun juda qutlug’ keldi. O’tgan ikki-uch kun davomida biz o’nlab yangi ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish marosimlarini o’tkazdik. Masalan Namangan shahrida kuni kecha uchta sanoat korxonasi yangi yirik quvvatlarda ish boshladi. “Chortoq” brendi bilan  mahsuloti  eksportga mo’ljallangan  suv zavodiga oq fotiha berildi. Namangan shahri, qator tumanlarda 18 nafar nogiron va kam ta’minlangan fuqarolarimiz yangi uylarning kalitini oldilar, 200 nafardan ortiq nogironlarga homiylar tomonidan aravachalar tantanali berildi.. Ko’plab oilaviy poliklinikalar va boshqa ob’ektlar ochildi.

Fursatdan foydalanib, bu kabi yaratuvchilik, xayrli va savobli ishlarda ishtirok etgan, hissa qo’shgan barcha hamyurtlarimizga o’zimizning samimiy rahmatlarimizni aytamiz.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Prezidentimiz rahnamoliklarida har bir sohada tom ma’nodagi  yangilanishlar va o’zgarishlar ro’y bermoqda, ijtimoiy hayotimizning  barcha bo’g’inlarida mohiyatan chuqur ma’noli islohotlarga guvoh bo’lmoqdamiz. Jumladan xalq ta’limiga berilayotgan yuksak e’tibor, farzandlarimizni har jihatdan yetuk, baxtli-saodatli kamol topishlari uchun 11 yillik ta’limni joriy etilayotgani, kasb-hunar ta’limini tubdan isloh qilishga kirishilgani  jamoatchilikni, ayniqsa ota-onalarni juda mamnun etmoqda. Yoki sog’liqni saqlash tizimida hali hozirgacha bu darajada mukammal islohotlar yuz bermagandi. Hukumatimizning sohaga qaratgan alohida e’tibori tufayli endi qishloq joylarida ham  oilaviy poliklinikalar tashkil etilayotgani, ancha-muncha muolajalar, jarrohlik amaliyotlari yangi davolash muassasalarida amalga oshirilayotgani ham aholimizning uzog’ini yaqin, og’irini yengil qilmoqda.

Xalqimizni rozi-rizo qilish yo’lidagi amaliy va shiddatkor o’zgarishlar har qanday marrani, yaxshi niyat bilan urinilsa albatta zabt etish mumkinligini amalda namoyon etmoqda. Qolaversa alloma ajdodimiz Ibrat domla takidlaganlaridek, “Asrimiz ilmu hunar, harakat asridur, turmoq asri emas”. Yoshlar  masalasiga ustuvor ahamiyat berilayotganida ham  xalqimizning nurafshon kelajagi yo’lidagi  ulug’ orzu va maqsadlar mujassam. Prezidentimiz tashabbuslari bilan boshlangan jamiyatimizda yoshlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash jarayoni viloyatimizda keng ko’lamli tashkiliy, moddiy va ma’naviy asoslarda  amalga oshirilmoqda. Binobarin bu xayrli ishga, har bir inson taqdiriga daxldor masalalar yechimiga hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib hamjihatlikda hissa qo’shmog’imiz zarur bo’ladi. Bu borada hurmatli nuroniylarimiz, mahallalarning faollari, ayniqsa viloyatimizning ko’p sonli ziyolilari odob-axloqda ham, kasb tanlashda ham, yoshlarimiz ishli bo’lishlarida ham madadkor bo’lsak Prezidentimizning ishonchlarini oqlagan bo’lamiz.

Qadrli do’stlar!

Bu yilgi qutlug’ bayramimiz "Fidoying bo’lgaymiz seni, O’zbekiston!" degan ezgu g’oya asosida nishonlanmoqda. Bu bayram   “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili Davlat dasturi”ning, shuningdek, 2017-2021 yillarda O’zbekiston respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi  bo’yicha Harakatlar strategiyasi ma’no-mazmuniga mos ravishda  “Buyuk kelajagimizni  mard va olijanob xalqimiz bilan  birga quramiz”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalq boy bo’lsa, davlat ham boy va qudratli bo’ladi”, “Ma’naviyat - eng ta’sirchan va qudratli qurolimiz” tamoyillariga muvofiq yuksak ruhiy ko’tarinkilik bilan nishonlanishi shubhasiz. Buning asoslari bunyodkor xalqimizning  mehnati   va erishilayotgan marralardir.

Yurtboshimizning Farmonlariga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan el-yurt oldidagi samarali mehnatlari, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash hamda iqtisodiy kudratini oshirishga, shaxsiy ibrati bilan xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga ulkan hissa ko’shgan, mehnatsevarligi, vatanparvarligi, jamoat ishlaridagi faolligi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo’ldilar.

Quvonarlisi, ular orasida el-yurt hurmatini qozongan  Ikromxon Najmiddinov, taniqli jurnalist Risliqxon Majnunova, fidoiy mutaxassis Meliboy Holiqov, mohir fermer Gulxumor Tog’aeva, mingbuloqlik tabarruk onaxonimiz Hadiyaxon Hoshimova, tajribali shifokor Akmaljon Jalilov, iqtidorli muallima  Adibaxon Tojiboeva singari viloyatimizning 16  nafar turli soha vakillari  bor.

Sizlarning ishtirokingizda, qadrli hamyurtlar,  davlat mukofoti sohiblarini biz ham chin kalbimizdan samimiy muborakbod etamiz!

Aziz hamyurtlar!

Prezidentimiz viloyatimizga tashriflari chog’ida “Ishonchim komil, Namangan zamini hali Ibrat domlaga o’xshagan yuzlab iqtidorli olimlar, shoir va adiblarni tarbiyalab, kamolga yetkazadi” deb ta’kidladilar. Ishonch bilan yurakdan aytilgan bu oliy ezgu-maqsad ro’yobga chiqishiga biz namanganliklar  ham astoydil ishonamiz. 

 Sizlarga va Sizlar orqali barcha viloyatimiz ahliga  Yurtboshimiz ishonchini amaliy ishlarda oqlash yo’lidan sa’y-harakatlaringizga ulkan muvaffaqiyalar tilayman.

Sevimli Vatanimiz istiqloli abadiy, osmonimiz doimo musaffo bo’lsin, tinchlik-osoyishtaligimizga aslo ko’z tegmasin.

Mustaqilligimizning 26 yillik ayyomi va Qurbon hayiti  oilalarimizga baxt-iqbol, fayzu barokot  xadya etsin.

Qo’shaloq ayyomlar hammamizga muborak bo’lsin!

E’tiboringiz uchun rahmat!

 

Microsoft Word ko'rinishida ko'chriib olish (74 Kb)

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech