Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Assalomu-alaykum!

Xurmatli tadbir ishtirokchilari!

Muhtaram ustozlar! Aziz o’quvchilar!

Men so’zimning avvalida barchangizni kuni kecha keng  nishonlangan va butun vatanimiz bo’ylab shukuhi kezayotgan  eng ulug’, eng aziz bayramimiz xisoblangan vatanimiz mustaqilligining 26 yilligi bilan samimiy tabriklayman.

Yigirma olti yil Vatanimiz tarixida misli ko’rilmagan yangilanishlar va o’zgarishlar davri bo’ldi.

Mustaqillik yillarida yurtimizda tinchlik va barqarorlik, izchil iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni ta’minlash, aholi farovonligi va turmush darajasini oshirish kabi yo’nalishlar qatori ta’lim tizimini isloh qilish, kelajagimiz poydevori hisoblangan yoshlar tarbiyasi, ularga zamon talablari asosida tegishli shart sharoitlar yaratish muhtaram Birinchi  Prezidentimiz Islom Abdug’anievich Karimov hamda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning  doimiy diqqat markazidagi eng asosiy ustuvor vazifalardan biri bo’lib keldi, desam ayni haqiqatni aytgan bo’laman.

Birgina ta’lim sohasini rivojlantirish, uni moddiy texnika bazasini yaxshilash, o’quvchi-yoshlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish bo’yicha ko’plab dasturlar amalga oshirildi va bugungi kunda ham ushbu ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Davlat umummilliy Dasturining qabul qilinishi maktablarda ta’lim sifati va sharoitlarni tubdan yaxshilanishiga omil bo’ldi.

2004-2016 yillarda 186,1 mlrd. so’mdan ortiq mablag’ evaziga viloyatimizdagi 609 ta umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, ulardagi 347 mingdan ortiq o’quvchi o’rniga ega bo’lgan binolar zamon talablari asosida yangidan qurildi, rekonstruktsiya qilindi va kapital ta’mirlandi.

Ushbu ishlar davomi sifatida 2017 yil Investitsiya dasturiga viloyatdagi 47 ta ta’lim muassasalari kiritilib, bajariladigan qurilish-ta’mirlash ishlari uchun 52 mlrd 424 mln so’m mablag’ ajratilib, qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi va xozirda foydalanishga topshirilmoqda.

Shuningdek, o’tgan yillar davomida Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi tomonidan jami 196 ta sport inshootlari jumladan, 101 ta ta’lim muassasalariga sport zal, 18 ta musiqa va san’at maktablari, 13 ta suzish havzalari, namunaviy loyihalar asosida 17 ta yangi sport inshootlari, 41 ta mavjud sport inshootlari qayta ta’mirlanib foydalanish uchun topshirildi.

Ushbu maqsadlar uchun Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasidan jami 116,5 mlrd. so’mdan ortiq mablag’lar sarflandi.

2005-2016 yillarda maktablarni moddiy texnika bazasini yaxshilash, o’quvchilarga zamonaviy bilim berish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida jami 67,8 mlrd. so’mdan ortiq maktab mebellari, o’quv laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi va sport anjomlari bilan ta’minlandi.

Ta’lim tizimiga berilayotgan e’tibor va g’amho’rliklardan ruhlangan holda viloyatimiz o’qituvchi va o’quvchilari respublika miqyosida o’tkazilayotgan turli ko’rik-tanlovlarda faol ishtirok etib faxrli o’rinlarni ko’lga kiritishlari barchamizni behad quvontiradi.

Jumladan, Xorazm viloyatida umumta’lim maktablari o’qituvchilari va o’quvchilari o’rtasida “Eng yaxshi elektron axborot ta’lim resurslari-2017” Respublika ko’rik-tanlovida Kosonsoy tumani 13-umumta’lim maktabining matematika-informatika fani o’qituvchisi Fozilov Raximjon “Qiziqarli matematika” elektron dasturi bilan ishtirok etib, faxrli 2-o’rinni “Yilning eng yaxshi psixologi” ko’rik-tanlovining Respublika bosqichida Chortoq tumani 53-Davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi psixologi Sharipova Nodira faxrli 3-o’rinni egalladilar.

Umumta’lim maktablari o’quvchilari o’rtasida o’tkazilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” ko’rik-tanlovining insho yo’nalishida Norin tumanidagi 15-umumta’lim maktabining 8-sinf o’quvchisi Musaeva Dilshoda Respublikada fahrli 1-o’rinni egalladi. Bunday yutuqlarni ko’plab keltirish mumkin.

Bu yutuqlar albatta aziz ustozlarimizning mashaqqatli mehnatlari va izlanishlarining samarasidir.

Yangi 2017-2018 o’quv yili ham ta’lim tizimida bir qator yangilanishlar va islohotlar bilan boshlanmoqda.    

Umumiy o’rta ta’lim maktablarida ota-onalar  xoxish va istaklarini xisobga olgan holda  o’quvchilarga ta’limni 10-sinflarda davom ettirish imkoniyati yaratildi.

Kasb-hunar o’rganish tizimi takomillashtirilib  bosqichma-bosqich 50 dan ortiq kasb-hunar o’rgatishga ixtisoslashtirilgan o’quv ishlab chiqarish majmualari barpo etilmoqda.

Ushbu imkoniyatlarning barchasi Siz aziz o’quvchilarimizning ota-onangiz va qadrdon maktabingizdan uzoqlashmagan holda yetuk bilim va kasb-hunar o’rganishingiz uchun Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlardan biridir.

Men ishonamanki viloyatimiz o’quvchilari ushbu imkoniyatlardan unumli va samarali foydalanadilar.

Aziz do’stlar!

Bugun Mustaqil Respublikamizning barcha umumta’lim maktablarida yangi o’quv yilining 1-qo’ng’iroqlari chalinmoqda. Viloyatimizda 47540 nafar bolajonlar 1-sinflarga qabul qilinmoqda.

Bugun barcha bolajonlarimizga Prezidentimizning sovg’alari o’quv qurollari, darsliklar topshiriladi.

Bu tadbirlar ayniqsa, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahnamoligida ta’lim tizimida olib borilayotgan ulkan islohotlar natijasida  qayta ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan ta’lim maskanlarida nishonlanayotganligi, barchamizning qalbimizda cheksiz g’urur va iftihor tuyg’ularini uyg’otadi.

Ushbu Namangan shahridagi zamonaviy 1160 o’quvchi o’rniga ega bo’lgan 41-umumiy o’rta ta’lim maktabi ham ushbu islohotlar natijasida mamlakatimizda kapital  ta’mirlanib foydalanishga topshirilayotgan yuzlab ta’lim maskanlaridan biridir.

Men fursatdan foydalanib ushbu zamonaviy ta’lim maskanini ta’mirlashda alohida jonbozlik ko’rsatgan bunyodkorlarimizga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Aziz farzandlarim !

Men yana bir bor Sizlarni bugungi bayram tadbirlari va yangi o’quv yilining boshlanishi bilan chin dildan qutlab, Prezidentimiz, xukumatimiz, ustozlaringiz hamda ota-onalaringiz ishonchlarini oqlab, kelajakda yaxshi bilim ko’nikmalarini egallash orqali  mustaqil Respublikamizning munosib farzandlari bo’lib yetishishlaringizda sizlarga uzoq-umr, sihat-salomatlik, mustaqil hayotingizda ulkan zafarlar hamisha hamroh bo’lishini tilab qolaman.

E’tiborlaringiz uchun raxmat!

 

Microsoft Word ko'rinishida ko'chriib olish (96 Kb)

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech