Assalomu alaykum, hurmatli tadbir qatnashchilari! Aziz mehmonlar!

So‘zimning avvalida barchangizni bugungi kunda butun mamlakatimizda keng tantanalar bilan nishonlanayotgan Konstitutsiyamizning 25 yillik bayrami bilan qizg‘in tabriklayman.

Mamlakatimizda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarliklarida millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va mehr-oqibat muhitini asrash, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalasiga alohida diqqat va e’tibor bilan qarab kelinmoqda.

Konstitutsiyamizda barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi ta’minlanib, ularning rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratilishi belgilab qo‘yilgan. Binobarin, jinsi, irqi, millati, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, barcha fuqarolar bir xil huquq hamda erkinliklarga ega bo‘lib, qonun oldida tengdirlar.

Xuddi shu o‘rinda shuni alohida ta’kidlash joizki, Prezidentimiz tomonlaridan bu masalaga jiddiy e’tibor berib, fuqarolik, millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlash masalasi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘rsatib berilgan.

Shuningdek, muhtaram Prezidentimizning Respublika Baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuvda aytgan quyidagi fikrlarini ta’kidlab o‘tsam:

“...Yurtimizda hukm surayotgan do‘stlik va birdlamlik muhiti – tinchlik va barqarorlik, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishning eng muhim omilidir”

Darhaqiqat, o‘zbek diyori nafaqat buyuk va zalvorli tarixi, balki tezkor sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan bugungi kuni bilan, ko‘z qorachig‘idek asrab kelayotgan umuminsoniy qadriyatlari balan ham jahonda o‘zining nufuziga ega bo‘lib, yuksak e’tiroflarga munosib ko‘rilmoqda.

Albatta, bugungi  ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlar zamirida xalqimizni rozi qilish siyosat darajasiga ko‘tarilgani, inson manfaatlari yo‘lida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilayotganligi mujassam ekanini har birimiz yurak-yurakdan his etmoqdamiz.

Hozirgi kunda viloyatimizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan rus, koreys, qirg‘iz va tojik milliy madaniy markazlari jamiyatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, milliy va umumbashariy an’analarni yanada ravnaq toptirish, ularning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda viloyatimizda 80 dan ziyod millat va elatlar istiqomat qilmoqda.

Ulardan Rus millatiga mansub fuqarolar 12 mingdan ortiqroqni, Qirg‘iz millatiga mansub  22 mingdan ziyod, Tojik millatiga mansub yurtdoshlarimiz 230 mingdan ziyodni tashkil etadi.

Barcha millat vakillarining davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy jarayonlarda faol ishtirok etmoqdalar. Ularning mehnat faoliyatlarida erishgan yuqori natijalari davlatimizning yuksak mukofotlarga munosib ko‘rilmoqda.

Viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 4 ta milliy madaniy markazlarning rahbarlari Andrey Volodin, Larisa Ni, Mahfiratxon Istamqulova va Abdusattor Aka G‘ofurovlar hamda milliy madaniy markazlarning qator vakillari “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandilar.

Mazkur milliy madaniy markazlarimiz uchun “Do‘stlik uyi”ni zamon talablariga mos, qulay tarzda ta’mirlab berishni maqsad qilib, yil boshida keng qamrovli ishlarni boshlagan edik.

Mana bugun kapital rekonstruksiya ishlarimiz yakuniga etib, Konstitutsiyamizning 25 yilligi bayramida tantanali ravishda ochib, egalariga topshirish nasib qilib turibdi.

Ta’kidlash joizki, Do‘stlik uyini kapital rekonstruksiya qilish, zamonaviy mebellar bilan jihozlash ishlarida Namangan shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Chelsi qurilish dizayn” MCHJning barcha ishchi xodimlariga, uning rahbari Abdullo Hamdamovga viloyat rahbariyati nomidan, milliy madaniy markazlar faollari, viloyatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari nomidan minnatdorchilik bildiramiz.

Ushbu tashkilot tomonidan qisqa fursat ichida 1 mlrd 100 mln so‘mlik qurilish-montaj va ob’ektni mebellar bilan jihozlash ishlari amalga oshirildi. Hozirda milliy-madaniy markazlarimizning samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun barcha sharoit muhayyo qilib qo‘yildi.

Qadrli tadbir ishtirokchilari!

Fursatdan foydalanib, “Do‘stlik uyi”ni ta’mirlash, ushbu tantanali tadbirni tashkil etishda o‘z hissasini qo‘shgan Namangan shahar hokimligi, obodonlashtirish boshqarmasi, xalq ta’limi boshqarmasi, Namangan shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, viloyat ommaviy axborot vositalari vakillariga minnatdorchilik bildiramiz.

Barchangizni yana bir bor “Konstitutsiyamizning 25 yillik bayrami bilan muborakbod etaman.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Microsoft Word ko'rinishida ko'chirib olish (39 KB)