Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


O‘zbekiston Respublikasida hurmatli Prezidentimiz va Hukumatimiz rahbarligida iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish, tarmoq va sohalarni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali mamlakatimiz salohiyatini orttirish, aholi turmush farovonligini oshirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

 

 

Mamlakatda mahalliy zargarchilik, zargarlik tarmog‘ini tiklash va rivojlantirish xuddi shunday ishlardan biri bo‘lib hisoblanadi.  Ushbu maqsadlarda hurmatli Prezidentimiz tomonidan joriy yil 18 mayda “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi (PF-5721-son) Farmon qabul qilindi.

 

Mamlakatimizda keyingi yillarda ishlab chiqaruvchilarga qimmatbaho metallardan foydalanish imkoniyatining berilishi ishlab chiqarilayotgan mahalliy zargarlik mahsulotlari hajmini kengaytirish imkonini yaratdi.

 

Shu bilan birga, sohada tizimli kamchiliklarning mavjudligi, tarmoqning bir muncha diqqatdan chetda qolganligi shu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish va yangilarini tashkil etish, zamonaviy zargarlik mahsulotlari hajmi va eksportini kengaytirishga ancha to‘sqinlik yaratgandi.

 

Prezidentimizning yuqorida aytilgan Farmoniga muvofiq, mamlakatimizda sifatli va raqobatbardosh zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, tarmoqqa chet el investitsiyalarini faol jalb etish, raqobatbardosh va sifatli zargarlik buyumlarini tayyorlashda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida tadbirkorlarga 2019 yil 1 iyuldan boshlab quyidagi imkoniyatlar yaratildi, tartib joriy etildi:

 

  • zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga o‘zi ishlab chiqargan, zargarlik hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan boshqa buyumlarning asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisi izlarini qo‘yish huquqi berildi (oldin ishlab chiqaruvchining ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsiy tamg‘asini buyumga bosish sharti bilan davlat asillik darajasi belgisi majburiy ravishda qo‘yilardi);

2) zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotni mustaqil ravishda chakana tartibda sotish, shuningdek, aholidan qimmatbaho metall parchalari, qimmatbaho toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni ishlab chiqarish maqsadlarida sotib olish huquqi berildi;

 

3) ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan yoki davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlab chiqarishda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni sarflash, hisobini yuritish va saqlash tartibini mustaqil ravishda olib borish huquqiga ega bo‘ldilar;

 

4) jismoniy shaxslarga qiymati 5 000 (besh ming) AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqishga ruxsat berildi;

 

6) zargarlik buyumlarining chakana savdosi ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘im ob’ekti hisoblanmasligi belgilandi;

 

7) tadbirkorlik sub’ektlari oltin izlovchilik faoliyati doirasida zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni ta’minlash uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga ega bo‘ldilar;

 

8) zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasida ixtiyoriy asosda yagona tashkilotga birlashish orqali ishtirok etgan taqdirda, ularga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar, shuningdek, uyushma a’zolarining imtiyoz va preferensiyalari tatbiq etilishi belgilandi.

 

Bulardan tashqari, tijorat banklari va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga:

 

-Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlaridan qimmatbaho metallni (oltin va kumushni), shuningdek, 5 gramm va undan ortiq bo‘lgan og‘irlikdagi granulalarni milliy valyutada sotib olish;

 

sotib olingan qimmatbaho metallarni boshqa zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilariga erkin sotish huquqi berildi.

 

2019 yil 1 iyundan boshlab qimmatbaho metallarni sotib olish uchun berilgan milliy valyutadagi tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan oshadigan, biroq kreditlar bo‘yicha 5 foizlik punktdan ortiq bo‘lmagan qismida qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilish orqali mahalliy zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etildi.

 

O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasiga tijorat banklari bilan birgalikda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilariga qimmatbaho metallarni sotib olishlari uchun qisqa muddatli revolver (qayta tiklanuvchi) kreditlarni ajratish amaliyotini kengaytirish topshirildi.

 

Farmonda belgilangan muhim tadbirlardan yana biri bu tadbirkorlarga soliq va bojxona sohalarida yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar bo‘lib hisoblanadi. Farmonga muvofiq 2022 yilning                           1 iyuliga qadar:

 

qimmatbaho metallar va mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish oboroti qo‘shilgan qiymat va aksiz solig‘idan;

 

belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilindi.

 

2019 yil 1 iyuldan boshlab navbatdagi yilga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari shakllantirilayotganda miqdorini har yili indeksatsiya qilgan holda, oltindan yasalgan zargarlik buyumlarni chakana savdoda sotganlik uchun 1 grammiga 1 000 (bir ming) so‘m miqdorida yig‘im joriy etildi.

 

Farmonga muvofiq, bulardan tashqari, 2019 ― 2023 yillarda O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli kompleks chora-tadbirlar Dasturi (Farmonga 1-ilovaga muvofiq) tasdiqlandi.

 

Ushbu  Dasturda zargarlik sohaning me’yoriy-huquqiy bazasini yanada legallashtirish, zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, tarmoqda malakali kadrlarni tayyorlash va yuqori sifatli, xaridorbop zargarlik mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarda marketing va xaridini tashkil etish kabi bir qancha aniq tadbir va vazifalar belgilandi.

 

Ushbu Farmonga muvofiq Namangan viloyatida 2020 yilning mart oyiga qadar tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni o‘z ichiga oluvchi zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish tadbirlari belgilandi.

 

 

Farmonda belgilangan yana bir muhim tadbirlardan biri bu  «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi qoshida Zargarlik tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish bo‘lib hisoblaniladi.

 

Jamg‘armaning mablag‘larini Farmonga asosan quyidagi maqsadlarda ishlatish belgilandi:

 

 zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama, shu jumladan istiqbolli investitsiya loyihalarining loyiha oldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirish orqali qo‘llab-quvvatlash;

zargarlik tarmog‘i mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazlarini tashkil etish;

 

mahalliy zargarlik brendlarini ilgari surishga, shu jumladan mamlakatimizda va xorijda zargarlik ko‘rgazmalari va yarmarkalarini tashkil etish, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning shunday tadbirlarda keng ishtirokini ta’minlash orqali ko‘maklashish;

 

o‘zini o‘zi moliyalashtirish shartlarida, shu jumladan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladigan qimmatbaho metallar va zargarlik buyumlarini tahlil qilish va asillik darajasini nazorat qilish shoxobchalarini (mini-laboratoriyalarini) tashkil etish.

 

Bugungi kunda Farmonga asosan Namangan shahar, I.Karimov ko‘chasi
5-uy manzilda loyiha qiymati 3,5 mlrd.so‘m bo‘lgan Zamonaviy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishdan sotishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonni o‘z ichiga olgan markaz barpo etilmoqda.

 

Hozirda maydoni 900,0 kv.m binoda Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini yaratgan holda Namangan shahrida zargarlik klasterini tashkil etish bo‘yicha ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari yakunlanib, pavilon olib kelish uchun buyurtma berilgan. Binoning 600,0 kv.m maydonida zargarlik buyumlari ishlab chiqariladi, 300 kv.m maydonida zargarlik buyumlari savdosi tashkil qilinadi. Binoda 340 ta savdo nuqtasi hamda 100 ta ishlab chiqarish ob’ektlari joylashadi.

 

SHular bilan birga, shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, sohada olib borilayotgan ishlar mavjud imkoniyatlarga umuman mos kelmaydi, sohani rivojlantirish, mavjudlarini zamonaviy ishlab chiqarish asosida modernizatsiya va diversifikatsiya qilish borasidagi ishlar talab darajasida emas.

 

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuqorida aytilgan Farmonning qabul qilinishi zargarlik sohasida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, zamonaviy zargarlik tarmog‘ini shakllantirishning muhim ijobiy omili bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz.

 

Namangan viloyati Iqtisodiyot va sanoat bosh boshqarmasi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech