Belarus poytaxti Minsk shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston-Belarus hududlararo forumida Namangan viloyati hamda Belarusning Vitebsk viloyati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik kelishuvi imzolandi.

 

Ikki do‘st mamlakat viloyatlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarining tamali bo‘lgan ushbu kelishuv, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Kamalov hamda Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Boris Yefremov tomonidan imzolandi.

 Ushbu kelishuv, viloyatlar korxona va tashkilotlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni orttirishi, bu esa o‘z navbatida boshqa sohalarda hamkorlikni kuchaytirishi qayd etildi. Bu maqsadda o‘zaro mahsulot va xizmatlarni sotib olish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikda ikki viloyat ishbilarmonlari ishtirokida turli biznes- seminarlar, ko‘rgazmalar tashkil etishga kelishib olindi.

 

Forum doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi (SSP)Namangan viloyat hududiy boshqarmasi hamda Belarus Savdo-sanoat palatasi Vitebsk bo‘limi o‘rtasida ham hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Avvalroq, 24 – 25 iyun kunlari SSP Namangan viloyat hududiy boshqarmasi, "Kosonsoy farm" EIZ, "Dori-darmon" AJ, "Namanganvino" AJ, "Sohibqiron" fermer xo‘jaligi vakillaridan iborat viloyat delegatsiyasi Ayubxon Kamalov boshchiligida Vitebsk viloyatiga tashrif buyurgandi.

Tashrif davomida ikki viloyat o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, viloyatlarning investitson hamda eksport salohiyatlari o‘zaro namoyish etilgandi. Tashrif yakunida MDH davlatlari hududidagi yirik erkin iqtisodiy zonalardan biri - «Vitebsk» EIZ i «Kosonsoy farm» EIZ direksiyasi o‘rtasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.