Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Ayni paytda Namangan viloyatida yangi zamonaviy binolar qad rostlamoqda. Ushbu qurilishlarda xorijiy kompaniya va investorlar ham faol ishtirok etishmoqda.

 

Shulardan biri Xitoyning “NAMANGAN QIANXING INVEST” MCHJ xorijiy kompaniyasidir. Ushbu kompaniya vakillari ayni kunlarda viloyatimizda qurilayotgan mehmonxona hamda boshqa qurilish inshootlariga investitsiya kiritishmoqda.

Bugun ushbu kompaniya rahbari janob Chen Sing Fu boshchiligidagi bir guruh xitoylik investorlar Namangan shahar hokimi, “Navbahor” PFK prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov hamrohligida “Navbahor” uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan “Markaziy” o‘yingohga tashrif buyurishdi.

 

Xitoylik mehmonlarga tashrif davomida shuningdek, “Navbahor” PFK vitse-prezidenti Baxtiyor Isakdjanovich Usmanov, “Navbahor” PFK direktori Baxtiyor Melievich Boboev, “Markaziy” o‘yingoh direktori Nabixon Abdug‘aniev va “Navbahor” PFK xodimlari ham hamrohlik qilishdi.

Xitoylik investorlar tashrif davomida futbolchilarning kiyim almashtirish xonalari, sport zal, o‘yingoh maydoni bilan tanishishdi hamda “Navbahor” jamoasi bosh murabbiyi Deyan Jurjevich, yordamchi murabbiylar - Sasha Klyaich va Mustafo Bayramov, shuningdek, “Navbahor” sardori Igor Golban, jamoa legionerlari – Aleksandr Kasyan hamda Ivan Solovyovlar bilan uchrashishdi.

 

Martabali mehmonlarga “Navbahor” yoshlar jamoasi futbolchilari o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

Shuningdek, Namangan shahar hokimi, “Navbahor” PFK prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov ham xitoylik investorlarga “master-klass” namoyish etib berdi va martabali mehmonlar Shavkat Shokirjanovichning mahoratiga tan berib, uni olqishlashdi.     

 

Xitoylik investorlar viloyatimizning bosh jamoasi bo‘lmish “Navbahor” klubi haqida ma’lumotga ega ekanliklari, “Markaziy” o‘yingoh Xitoydagi uncha – buncha stadiondan qolishmasligi, maydon chimi ham a’lo darajada ekanligini ta’kidlab, jamoamizga qiziqish bildirishayotganligi, homiylik qilish istaklari borligini ta’kidlashdi.

 

Birinchi homiylik  ko‘magi sifatida janob Chen Sing Fu “Navbahor” vitse-prezidenti Baxtiyor Usmanovga dastlabki mablag‘ni tuhfa qildi.

 

O‘z navbatida “Navbahor” PFK tomonidan martabali mehmonlarga jamoa murabbiylari hamda futbolchilarining imzolari qo‘yilgan to‘plar, klub logotipi tushirilgan futbolka, kepka va sharflar sovg‘a qilindi.     

Tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalari yana davom etishiga kelishib olishdi.

 

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.     

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech