Chop etish

To‘raqo‘rg‘ondagi “Odil Junior” futbol maktabida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni unvonini qo‘lga kiritgan Namangan viloyati terma jamoasi a’zolarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritgan viloyat terma jamoasi a’zolarining katta qismi, 14 tasi aynan To‘raqo‘rg‘on futbol maktabining yosh yulduzlari ekani e’tiborga loyiqdir.

 

Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, g‘olib o‘yinchilarni muborakbod etib, ularga Faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi. Viloyat hokimi, shuningdek, Namangan futbol akademiyasi, Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on, CHortoq tumanlaridagi bolalar-o‘smirlar sport maktablariga yangi sport anjomlari sovg‘a qildi.

 

Chempion futbolchilarga bundan keyingi faoliyatlarida ham omadlar tilagan Xayrullo Bozorov, kelajakda viloyatimiz futbolchilari milliy terma jamoamiz safida Osiyo va jahon chempionatlarida ishtirok etib, O‘zbekistonni, Namanganni dunyoga tanitishlariga umid bildirdi.

 

To‘raqo‘rg‘ondagi “Odil Junior” yosh futbolchilar maktabiga 2016 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Odil Ahmedov tomonidan asos solingan edi. O‘tgan yillarda bu erga yuzdan ortiq yosh futbol iqtidorlari kelib, o‘zlarining mahoratlarini oshirishmoqda.

“Odil Junior” maktabida yaqinda katta o‘lchamdagi futbol maydoni, sauna, yotoqxona ham qurib bitkazildi. Endigi maqsad ushbu futbol maktabiga respublikamizning barcha viloyatlaridan iqtidorli yosh futbolchilarni jalb qilib, kelgusida “Navbahor” futbol jamoasiga munosib o‘yinchilarni tayyorlab berish.