Chop etish

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 29 fevral – 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashriflari davomida berilgan topshiriqlar asosida Namangan viloyatida “Obod markaz” dasturi ishlab chiqilgandi.

 Bu dastur asosida 2019 yil may-avgust oylarida To‘raqo‘rg‘onda olib borilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida tuman markazi haqiqiy obod markazga aylandi.

 

 


 

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi G‘ulomjon Murojxo‘jaev, mutasaddi tashkilotlar vakillari, mahalliy va Respublika OAV xodimlari, mahalliy aholi ishtirok etgan “Obod markaz” ob’ektlarining ochilish tantanalarida yangilangan tuman markazining chet ellardagi zamonaviy shaharlardan qolishmaydigan qiyofa kasb etgani ko‘p bor ta’kidlandi. Namangan farzandlari bo‘lgan O‘zbekiston xalq artistlari Yoqub Ahmedov va Mirza Azizovning ishtiroki, to‘raqo‘rg‘onliklarning bayramiga o‘zgacha ruh berdi.

 

“Obod markaz” dasturiga asosan To‘raqo‘rg‘onda jami qiymati 118 milliard 54 million so‘mlik manzilli dastur ishlab chiqilib, amalga oshirildi.

Dastur ijrosi uchun “Obod markaz jamg‘armasi”ning 32 milliard 440 million so‘m, tadbirkorlarning 60 milliard 534 million so‘m o‘z mablag‘lari, 22 milliard 470 million so‘m bank kreditlari hamda mahalliy byudjet hisobidan 2 milliard 609 million so‘m miqdorida mablag‘i yo‘naltirildi.

 “Obod markaz” dasturi bo‘yicha tumanda ijtimoiy sohada jami qiymati 16 milliard 021 million so‘m bo‘lgan 10 ta, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida 69 milliard 446 million so‘mlik 31 ta, kommunal sohada 2 milliard 650 million so‘mlik 6 ta, yo‘l sohasida 8 milliard 546 million so‘mlik 4 ta, ko‘p qavatli turar-joy sohasida 5 milliard 810 million so‘mlik 11 ta turli sohalarda 13 milliard 860 million so‘mlik 15 ta ob’ekt, shuningdek, 1 milliard 200 million so‘m mablag‘ sarflangan Istirohat bog‘i va xiyobon, hamda sanoat sohasi bo‘yicha 700 million so‘m jalb qilingan 1 ta korxona, jami 79 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi.

Bugungi tadbir tuman markazida barpo etilgan Xotira xiyobonida boshlandi. Birin-ketin lenta qirqilib, foydalanishga topshirilgan tuman madaniyat markazi, Davlat xizmatlari markazi, 12-umumta’lim maktabi, 2-sonli davlat maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi, “Toshkent” mahallasida ko‘p qavatli arzon uy-joylar, “Turon sentr” majmuasi, “Doktor Anon” va “Aziz medikal sentr” xususiy shifoxonalari, bolalar sport maktabi filiali va “Oqtosh tekstil” MCHJ ishlab chiqarish korxonasi kabi ob’ektlar To‘raqo‘rg‘on ijtimoiy hayotiga yangicha havo olib kirdi.