Namangan shahridagi “Afsonalar vodiysi” parki amfiteatrida viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning viloyatdagi oliy ta’lim hamda xalq ta’limi tizimlari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 23 avgust kuni o‘tkazilgan xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar hamda viloyatda oliy ta’lim hamda xalq ta’limi tizimlarini rivojlantirish masalalari uchrashuv-muloqotning kun tartibidan joy oldi.
29 avgust oqshomida bo‘lib o‘tgan muloqotda viloyatdagi 685 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan 470 mingdan ziyod pedagoglarning vakillari, uchta oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, viloyat va tumanlar xalq ta’limi tizimi xodimlari, ilg‘or va namunali maktab o‘qituvchilari va oliygohlar professor-o‘qituvchilari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, turli davlat va jamoat tashkilotlarining rahbar-mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari ham jam bo‘lishdi.
Uchrashuvda so‘z olgan Xayrullo Bozorov, bo‘lib o‘tgan yig‘ilishning ta’lim-tarbiya ravnaqi, o‘qituvchilarning qadr-qimmati va jamiyatdagi o‘rni va mavqeini yuksaltirishga e’tibor qaratilgani bilan dolzarb ahamiyat kasb etganligini ta’kidladi.
Viloyat hokimi, Shavkat Mirziyoevning “Maktab masalasi - kelajak masalasi, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot-mamot masalasi, maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi, mamlakat taqdiri muallimlar qo‘lida” degan e’tiroflarini alohida ta’kidlab, bu soha xodimlariga bildirilgan ulkan sharaf, ayni paytda cheksiz mas’uliyat ekanligini qayd etdi.
Samimiy uchrashuv chog‘ida har ikki tizim oldida turgan vazifalar va islohiy o‘zgarishlarga ham keng to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv-muloqotda rag‘bat va e’tibor ifodasi sifatida Namangan shahri va viloyatdagi barcha tumanlar xalq ta’limi bo‘limlariga 12 ta “Spark” avtomashinalari topshirildi. SHuningdek, viloyat xalq ta’limi hamda oliy ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan eng faol, tashabbuskor va izlanuvchan, munosib natijalarga erishayotgan ustoz-muallimlar, professor-o‘qituvchilarga zamonaviy planshetlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
"Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" degan ezgu g‘oya asosida butun mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan mamlakatimiz mustaqilligining qutlug‘ 28 yillik tantanalari arafasida o‘tkazilgan tadbirda, soha fidoyilari uchun bayram dasturxoni tashkil etilib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatildi.