9 sentyabr kuni chust tumanidagi "Namangan" erkin iqtisodiy zonasi hududida loyiha qiymati 50 million AQSH dollari bo‘lgan “Tai Chang Special Steel” O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi ishlab chiqarish binolari qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, tuman hokimi Bahodir Oxunov, xitoylik investorlar hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdilar.

31 gektar hududda qad rostlaydigan yangi ishlab chiqarish majmuasi har xil turdagi metalloprokat, turli hajmdagi alyumin va misdan o‘tkazgich mahsulotlari hamda metaldan turli kundalik ehtiyoj jihozlari ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.

 

Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi: 2020 yil 2-chorakda yakunlanishi kutilayotgan birinchi bosqichda 28 million AQSH dollari o‘zlashtiriladi. Ikkinchi bosqichda yana 22 million dollar sarmoya o‘zlashtirilib, korxona yillik 120 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga erishadi. “Tai Chang Special Steel” qo‘shma korxonasida 450 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.