Chop etish

Viloyatimizda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro tibbiyot va farmatsevtika forumi doirasida 14 sentyabr kuni Namangan davlat universitetida Ural davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda faoliyat boshlagan qo‘shma tibbiyot fakultetining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Ural davlat tibbiyot universiteti rektori Olga Kovtun va istiqboldagi rivojlanish va xalqaro faoliyat bo‘yicha prorektori Mixail Flyagin ishtirok etdilar.

Tadbirda so‘z viloyat hokimi Bozorov, jadal rivojlanib borayotgan viloyat tibbiyot sohasi uchun malakali kadrlar yetishmasligi kuzatilayotganini qayd etib, hozirda viloyatda mavjud 220 ta davlat hamda 350 ziyod xususiy davolash muasssalariga zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislar tayyorlab berishda ushbu qo‘shma fakultetning roli katta bo‘lishini ta’kidladi. “Maqsadimiz -kelajakda bu fakultet negizida tibbiyot oliygohi tashkil etish”, dedi Xayrullo Bozorov.

 

Ural davlat tibbiyot universiteti rektori Olga Kovtun, Yevropadagi klassik universitetlarning deyarli barchasida tibbiyot fakultetlari mavjud ekanini eslatib, NamDUning qo‘shma tibbiyot fakulteti ochish boradagi taklifini mamnuniyat bilan qabul qilishganini aytdi. Kovtun, kelishuvning tez hamda kutilganidan yuqori darajada amalga oshgani uchun viloyat hokimiga Ural davlat tibbiyot universiteti nomidan tashakkurlarini izhor qildi.

Ramziy lenta qirqilib, yig‘ilganlar yangi fakultetning yangi ta’mirdan chiqqan va jihozlangan binosi bilan tanishdilar. Namangan davlat universiteti rektori Muzaffar Esonov fakultetda yaratilgan sharoitlar hamda o‘rnatilgan zamonaviy jihozlarning ishlash tartibi bilan tanishtirdi.

 

Viloyat hududiga yuqori malakali tibbiyot kadrlari tayyorlash mazkur fakultet faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi. Fakultetga viloyatda kadrlarga bo‘lgan mavjud talablarni puxta o‘rgangan holda qabul kvotalari belgilandi. Dastavval davolash ishi, stomatologiya, pediatriya ishi va farmatsevtika yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.

Fakultetda talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida, rus tilida, kunduzgi ta’lim shaklida O‘zbekiston oliy davlat ta’lim standartlari talablari inobatga olingan holda universitetning Ural davlat tibbiyot universiteti bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi. Talabalar NamDUda 2 yil, keyin esa UDTUda saboq oladilar. Bitiruvchilarga O‘zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi rasmiy davlat hujjati sifatida e’tirof etilgan universitet hamda hamkor universitet diplomlarini berish ko‘zda tutilgan.