Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 16 sentyabr kuni viloyatdagi Nestlé kompaniyasining suv qadoqlash va sutni qayta ishlash korxonalarini sotib olgan Fransiyaning Lactalis kompaniyasi vakillarini qabul qildi.

 

 Lactalis kompaniyasi bosh direktori Kristian Xuberts, qabul uchun viloyat hokimiga o‘z minnatdorchiligini bildirib, “So‘nggi bor O‘zbekistonga 2007 yilda kelgandim, shundan beri bo‘lgan o‘zgarishlar va yangilanishlar ko‘z qamashtiradi” deb o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Lactalis bugungi kunda sut mahsulotlari ishlab chiqarishda yillik 100 million yevrolik hajmi bilan Qozog‘istonda birinchi o‘rinda turadi. O‘zbekiston bozori Qozog‘istondan ancha kattaligi hamda bugun investorlar uchun jozibadorlik kasb etishga boshlagani uchun kompaniyamiz bu erda faoliyat olib borishga qaror qildi” dedi Xuberts.

 

Sutni qayta ishlash korxonasining ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish hamda bu borada chorvachilik fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlik o‘rnatish uchrashuvning bosh mavzusi bo‘ldi. Lactalis vakillari, bugungi kunda viloyat fermer xo‘jaliklaridan kunlik 65-70 tonna sut olayotganliklarini, biroq bu hajmni ikki barobar ko‘tarishga tayyorliklarini bildirishdi. Bu borada fermer xo‘jaliklari bilan eksklyuziv asosda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari borasida fikr almashildi.

 

Viloyat hokimi, paxta va bug‘doy yetishtirishda klaster usulini keng qo‘llashga o‘tilganini aytib, sut yetishtirish masalasida ham bunday usuldan foydalanish samarali bo‘lishini ham ta’kidladi. Xayrullo Bozorov, viloyatda ko‘p minglab gektar yaylovlar mavjudligini, chorvachilik sohasida hali foydalanilmagan katta potensial borligini ham aytib o‘tdi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech