Chop etish

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Ahmadjon Alaxodjayev “Ozodlik” saytida e’lon qilingan “To‘raqo‘rg‘onda korxona va tashkilot rahbarlari paxtaga o‘z yonidan mardikor yollashga majbur bo‘lmoqda” nomli material yuzasidan bayonot berdi:

 

“Uzoq yillar davomida O‘zbekistonga qaratilgan tanqidlarning asosiy mavzusi bo‘lgan paxta terimi davridagi majburiy mehnatni tugatish borasida so‘nggi yillarda olib borilayotgan ishlar bugun jahon hamjamiyatida katta aks sado berdi. Xalqaro mehnat tashkilotidan tortib AQSH Mehnat departamentigacha barcha xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda paxta terimida majburiy mehnat holatlari yo‘qligini rasman bayon qildi.

 

Hozirda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimiga majburiy jalb etish amaliyotiga barham berilgani hamda bu borada hukumat tomonidan qat’iy talablar borligi bugun hammaga ayon. Hukumatni bu masalada tanqid qilishga asos topa olmayotgan kuchlar, endi axborot shantajining yangi yo‘liga o‘tishmoqda. Turli anonim “manbalar”ga asoslangan shaklda, joylarda majburiy mehnatga jalb etish holatlari bo‘layotganini xabarini tarqatib, bundan davlat rahbarining qat’iy talabi joylarda bajarilmayapti degan xulosani berishga urinishmoqda.

 

Ana shunday axborot tarqatuvchilardan biri bo‘lgan “Ozodlik” saytida “To‘raqo‘rg‘onda korxona va tashkilot rahbarlari paxtaga o‘z yonidan mardikor yollashga majbur bo‘lmoqda” nomli material e’lon qilinibdi. Unda “Vatanparvar” tashkiloti To‘raqo‘rg‘on tuman o‘quv sport-texnika klubi xodimlari ham paxta terimida ishtirok etayotgani iddao etilgan.

 

Materialda, “Vatanparvar” tashkilotining “ismi sir qolishini so‘ragan” xodimi tomonidan “tashkilot xodimlari mashina yollab paxta tergani borayotgani, paxta shtabidan vakil kelib, qaysi tashkilotdan qancha odam chiqqanini yozib ketayotgani, tuman “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari o‘z ishlarini vaqtida qilolmayotgani uchun aholidan shikoyatlar ko‘payayotgani” yozilmoqda.

 

O‘zbekiston mudofaasiga kumaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi bu iddaoning to‘laligicha uydirma ekanini bildiradi. Nafaqat To‘raqo‘rg‘onda, balki viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi o‘quv sport-texnika klublari xodimlari o‘z ish faoliyatlari bilan bandligini, xo‘jalik hisobidan faoliyat olib boruvchi O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilangan: - yoshlar va fuqarolarni ma’naviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ongiga vatanparvarlik, Vatanga muhabbat, mehnatga mas’uliyatli munosabat, harbiy xizmatga hurmat tuyg‘ularini singdirish; - sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirilishi va ommalashtirilishini ta’minlash, sport tashkilotlari va jamoalari faoliyatiga ko‘maklashish; - bolalar, o‘smirlar va chaqiruvgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida ommaviy sport ishlarini tashkil etish va o‘tkazish; - yoshlar va fuqarolarni mudofaa sohasidagi boshlang‘ich bilimlarga o‘qitishda va ularni harbiy xizmatga tayyorlashda davlat hokimiyati organlariga ko‘maklashish; - avtomototransport vositalari haydovchilarini, shuningdek, ommaviy texnik kasblar mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kabi yo‘nalishlarda o‘z ishini olib borayotganini ta’kidlab, “Ozodlik” xodimlariga axborot tarqatishda hech bo‘lmasa o‘z materiallarida keltirilayotgan tashkilotning faoliyat turi hamda qilayotgan ishlari haqida ochiq ma’lumotlar bilan qiziqib qo‘yishni tavsiya qilamiz.

 

Birgina misol, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi va uning tasarrufidagi shahar va tumanlardagi o‘quv sport-texnika klublarida malakali haydovchilar tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlari bilan birgalikda sportnik texnik va amaliy turlari tarkibiga kiruvchi pnevmatik quroldan o‘q otish, triatlon, yozgi biatlon, avtosport, motosport, karting, aviamodel, raketamodel, kemamodel, harbiy amaliy ko‘pkurash, parashyut sporti kabi sport turlarida 1000 dan ortiq viloyatimiz yoshlari shug‘ullanib keladi. Joriy yilning o‘zida o‘quv sport-texnika klublarimiz vakillari o‘nlab yirik respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqada ishtirok etishdi. Namangan viloyatida shu yilning o‘tgan davrida qator sport turlari bo‘yicha 50 dan ortiq Respublika va viloyat musobaqasiga mezbonlik qildik. Bu musobaqalarning deyarli barchasi viloyatimiz vakillarining g‘olibliklari bilan yakunlandi.

 

O‘tgan hafta Qozog‘istonning Baykonur shahrida o‘tkazilgan sportning texnik va amaliy turlariga kiruvchi “Raketamodel” turi bo‘yicha “Baykonur-2019” Jahon Kubogi xalqaro musobaqasida ishtirok etgan O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashining “Namangan yulduzlari” jamoasi 6 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan taqdirlanib, yoshlar o‘rtasida umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni hamda Jahon Kubogini qo‘lga kiritishdi.

 

Agar xodimlarimiz o‘z ishlarini tashlab, dalada yurishgan bo‘lganda bunday katta yutuq va natijalar bo‘lmasdi. “Ozodlik”ni o‘zining yolg‘on xabarlarida bizning tashkilotimiz nomini ishlatmaslikka chaqiramiz” deyiladi bayonotda.