Chop etish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida 2019 yil 11 sentyabr kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda joylarda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun safarbar etilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish choralarini ko‘rish uchun Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish Agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlari, tegishli vazirliklar, joylardagi Bosh vazir qabulxonalari rahbarlari va xodimlari, shuningdek viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlaridan iborat tarkibda 6 ta hududiy Ishchi guruhlar tuzildi.

 Joriy yilning 11 oktyabr kuni Savdo-sanoat palatasi raisi Adxam Ikramov boshchiligidagi Ishchi guruh Namangan viloyatida bo‘ldi va yig‘ilish o‘tkazdi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi. Shuningdek, yig‘ilishda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Kamalov, barcha iqtisodiy kompleks hududiy idoralari rahbarlari, tumanlar va Namangan shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari qatnashdilar.

Ishchi guruh rahbari Adham Ikramov so‘zga chiqib, deyarli har oy davlatimiz rahbarining shaxsan boshchiligida tadbirkorlik masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazilayotganligi, Prezidentning Sirdaryo va Qoraqalpog‘istonga qilingan oxirgi tashriflari, shuningdek joriy yilning iyul, avgust oylarida o‘tkazgan yig‘ilishlari jarayonida tadbirkorlikni rivojlantirishni belgilab berilgan 9 ta asosiy yo‘nalishning mazmuni, har bir yo‘nalish bo‘yicha ishni tashkil etish tartibi bo‘yicha tushuntirish berib, olib boriladigan ishlar bo‘yicha mas’ul idoralarni belgilab berdi.

9 ta ustuvor yo‘nalish bilan ishlashni tashkil etishda mahalliy hokimlik va iqtisodiy kompleks idoralari xodimlariga qulaylik yaratish maqsadida Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmalar tarqatildi.

Yig‘ilish davomida tumanlar va Namangan shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari, yo‘nalishlarga mas’ul idora va tashkilotlar mas’ullari va tadbirkorlarning fikr-mulohazalari eshitildi.

Yig‘ilish so‘ngida joylarda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun safarbar etilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish choralarini ko‘rish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosiga mahalliy hokimlar va ularning birinchi o‘rinbosarlari bilan birga, har bir iqtisodiy kompleks rahbarlari javobgar ekanligi, har oyning yakuni bilan ularning hisobotlarini eshitib borish tizimi joriy etilishi, shuningdek ishlab chiqilgan baholash me’zonlariga asosan yil so‘ngida ular faoliyatiga baho berilishi bo‘yicha yana bir bor eslatib o‘tildi.

Tadbirkorlar tomonidan bu kabi uchrashuvlar viloyatning chekka tumanlarida ham ko‘proq tashkil etilishi haqida fikr bildirdilar.