14 oktyabr kuni Toshkentdagi «Wyndham» mehmonxonasi konferens-zalida «Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki bilan Pekin universitetining yangi tarkibiy iqtisodiyot instituti (INSE) hamkorligida tashkil qilingan «O‘zbekistonda sanoat parklari, klasterlarning rivojlanishi va tarkibiy o‘zgarishlar» mavzuida seminar o‘tkazildi. Unda ko‘plab xalqaro tashkilotlar, Xitoyning nufuzli institutlari, kompaniyalaridan mutaxassislar ishtirok etishdi.



Tadbirda Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Kamalov ham ishtirok etib, viloyat misolida poyabzal sanoatining holati hamda rivojlanish dinamikasi yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.

Seminar «Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki bilan Pekin universitetining yangi tarkibiy iqtisodiyot instituti tomonidan amalga oshirilayotgan, O‘zbekistonda, xususan Namangan va Buxoro viloyatlarida charm-poyabzal sohasini shakllantirish va rivojlantirish hamda jahon bozorida raqobatbardosh klasterlar tashkil etishga yo‘naltirilgan loyiha doirasida tashkil etildi.


Seminar ishtirokchilari orasida Xitoyning dunyoga mashhur kompaniyalari vakillari qatorida «Alibaba» guruhi ilmiy-tadqiqot institutining strategik hamkorlik markazi bosh maslahatchisi Uilyam Chengning ham borligi tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi.