Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech
Chop etish

Bugun, 17 oktyabr kuni Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoy Xalq Respublikasi ishbilarmonlari delegatsiyasini qabul qildi.

Guandun provinsiyasi Xoychjou okrugi poyyabzal sanoati korxonalari palatasi raisi, “Huizhou Dongying Leather” kompaniyasi direktori Yisun Lin, “Xinrun Plastic Forming Factory” kompaniyasi bosh direktori Yubo Jang, “Caihong Leather” kompaniyasi bosh menejeri Syunpin Yen, “Huayang Xuchang” kompaniyasi rahbari Bo Pang hamda Pekin universitetining Yangi tarkibiy iqtisodiyot instituti vakillari Jia Yu hamda Syaolu Li xonimlardan iborat Xitoy delegatsiyasi bilan bo‘lgan uchrashuvda asosiy maqsad viloyatda poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan klasterni tashkil etishga qaratildi.

Aksiyadorlik tijorat “Aloqabank” tomonidan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatimizda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan salmoqli ishlar doirasida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan bunday klaster Xitoy investitsiyasi bilan Namanganda hamda Buxoro viloyatlarida tashkil etilganidan so‘ng 3,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rnini yaratish shuningdek, har yili 2,0 mln juft eksportbop oyoq qiyimlari ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Ikki mamlakat rahbarlarining do‘stona munosabatlari barcha sohalarda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini mustahkamlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgani, buning natijasida Xitoy O‘zbekistonning tashqi savdodagi eng yirik hamkoriga aylangani uchrashuvda alohida qayd etildi.

Namangan viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar va imtiyozlar, viloyatning iqtisodiy va investitsion ko‘rsatkichlari, viloyat hududida faoliyat olib borayotgan erkin iqtisodiy zonalar, xorijiy kompaniyalarni ro‘yxatga olish, ishlab chiqarishni boshlash uchun ekologik normativlar, mahsulotlarni sertifikatlash kabi masalalar ham uchrashuvda keng muhokama qilindi.

“O‘zbekistonga tashrifimizning birinchi kunida mamlakatingiz Bosh vaziri bilan uchrashdik. Janob Bosh vazir ham viloyatingizni yuksak investitsion hamda ish resurslari salohiyatini alohida qayd etdilar. Bu viloyatingizga ikkinchi tashrifimiz. Birinchi tashrifdan olgan ma’lumotlarimiz asosida bugun charm-poyabzal sohasida ish olib boruvchi kompaniyalarimiz rahbarlaridan tashqari, tayyor kiyim hamda jinsilar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Huayang Xuchang” kompaniyasi direktori ham Namangan tekstil sektoriga investitsiya kiritish niyatida biz bilan tashrif buyurdi” deb ta’kidladi Pekin universitetining Yangi tarkibiy iqtisodiyot instituti xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jia Yu.

Xoychjou okrugi poyyabzal sanoati korxonalari palatasi raisi, “Huizhou Dongying Leather” kompaniyasi direktori Yisun Lin o‘zi rahbarlik qilayotgan Palataga 6000 dan ziyod poyabzal ishlab chiqaruvchi kompaniyalar a’zo ekanini qayd etib, Namanganning investitsion jozibadorligi ularning ko‘pchiligini viloyatga tortishga imkon berishini ta’kidladi.

Uchrashuvda viloyat hokimining o‘rinbosari Okibjon Inamov ham ishtirok etdi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech