Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan viloyatida bo‘lib o‘tayotgan “Ma’naviyat festivali” doirasida To‘raqo‘rg‘ondagi madaniyat markazida “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan - ona tilim!” nomli adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

O‘zbek tiliga davlat maqomi berilgani va shu haqdagi Qonun qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda olimlar, ma’naviyatchilar, shoirlar, yozuvchilar jam bo‘lishdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Jamoliddin Muslim olib bordi.

Dastavval viloyat hokimining o‘rinbosari Faxriddin Matkarimov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni ma’naviyat bayrami bilan muborakbod etib, adabiy-ma’rifiy  sohada namanganliklar erishayotgan yutuqlar, galdagi rejalar haqida gapirdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston xalq artisti Rajab Adashev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Barno Qodirova, aktyor Alisher Otaboev, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, To‘raqo‘rg‘ondagi 1-maktab o‘qituvchisi Lobar Rustamovalar o‘zbek tilining qadimiy va boy tarixi, uni asrab-avaylash haqida mulohazalar bildirishdi. Suhbat mushoiraga ulanib, taniqli shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Bobur Bobomurod, Dilbar bonu, Sodiq Sayhun va boshqalar mavzuga oid eng saralangan she’rlaridan o‘qib berdilar.

Mehmonlar Ibrat majmuasida bo‘lib, bu tarixchi olim, adabiyotshunos, tilchi, tarjimon sifatida o‘zidan buyuk nom qoldirgan inson haykali poyiga gulchambar qo‘ydilar. Uning nomi bilan barpo etilgan xorijiy tillarni ixtisoslashtirilgan maktab-internatida bilimdon va qobiliyatli o‘quvchilar bilan suhbat qurib, ularga yaratilgan sharoitlarni kuzatdilar.

Kunning ikkinchi yarmida To‘raqo‘rg‘on tumanidagi ochiq osmon ostidagi muzey – Axsikent arxeologik yodgorligi majmuasi bo‘ylab sayohat tashkil etildi.

“Ma’naviyat festivali” Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan Namangan viloyati hokimligi, viloyat xalq ta’limi, madaniyat boshqarmalari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi viloyat badiiy ijodkorlar uyushmasi, oliy ta’lim muassasalari va boshqa bir qator davlat hamda jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech