Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


“Ozodlik” radiosining rasmiy saytida hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va kanallarida 2019 yil 18 oktyabr kuni e’lon qilingan “Hokim Namangandagi 700 ta maktab isitilmasligini tan oldi” sarlavhali material yuzasidan Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi:



Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning Oliy Majlis Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotiga tayanib Daryo.uz saytida e’lon qilingan materialga tayanib, “Ozodlik” tomonidan e’lon qilingan “Hokim Namangandagi 700 ta maktab isitilmasligini tan oldi” sarlavhali material viloyat hokimining so‘zlarini ataylab g‘araz maqsadli buzib talqin qilishga urinishdan boshqa narsa emas.

Xayrullo Bozorovning Oliy Majlis Senatining majlisidagi hisobotida keltirilgan, “viloyatdagi 705 ta umumta’lim maktabdan 5 tasi markazlashgan issiqlik tarmog‘i bilan ta’minlangan” degan fakt, qolgan 700 tasining isitilmasligini emas, avtonom isitish tizimida ekanini anglab etish uchun jurnalist bo‘lish ham shart emas. Markazlashgan isitish tizimida emasligi maktablarning isitilmasligini bildirmaydi. Zotan, “Ozodlik” material manbasi sifatida keltirgan Daryo.uz materiali ham “Namangandagi 705 ta maktabdan faqat 5 tasi markazlashgan issiqlik bilan ta’minlangan” deb nomlanadi. Bu fakt, “Ozodlik” tomonidan berilgan materialda ham aynan keltirilganiga qaramay, material mualliflari sarlavhaga ataylab hokim nomidan yolg‘on bayonot keltirib, o‘quvchi fikrini chalg‘itishga urinishgan.

“Ozodlik”ning ushbu g‘araz maqsadli xatoli talqini, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini ataylab pasaytirish, yolg‘on axborot tarqatish orqali mamlakatimizda har sohada, jumladan ta’lim sohasida bo‘layotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchni yo‘qqa chiqarishni maqsad qilgani ko‘rinib turibdi.

Qolaversa, bunday sarlavhali material, O‘zbekistonning o‘z jozibadorligini ko‘rsatib berish uchun xalqaro piar kampaniyasiga sarflayotgan mablag‘larining samarasini yo‘qqa chiqarish hamda potensial investorlar oqimini kamaytirishga ham yo‘naltirilgan.

Agar “Ozodlik”ni Namangan viloyatida maktablarni isitish tizimi bo‘yicha holat qiziqtiradigan bo‘lsa hamda bu borada material e’lon qilish rejasi bo‘lsa quyidagi faktlardan foydalanishni tavsiya qilamiz:

Viloyatda bugungi kunda 705 ta umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, shundan kuz-qish mavsumida 666 ta umumta’lim maktablari ko‘mir yoqilg‘isi bilan, 33 ta umumta’lim maktablari gaz yoqilg‘isi bilan hamda 5 ta umumta’lim maktablari markazlashgan issiqlik manbai orqali isitiladi.

Namangan viloyati bo‘yicha 2018/2019 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash bo‘yicha viloyat mahalliy byudjeti hisobidan ijtimoiy soha muassasalari uchun 35 mlrd 894,4 mln.so‘m, shundan, ta’limi tizimi uchun 23 mlrd 321 mln. so‘m mablag‘ sarflangan.

SHuningdek, 2018-2019 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik davrida 240 ta ta’lim muassasalarida aniqlangan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mahalliy byudjetdan 15 mlrd. 245 mln.so‘m mablag‘ zarurligi aniqlanib, viloyat hokimining 2018 yil 17 oktyabrdagi 426-F-sonli farmoyishi bilan mablag‘ ajratilgan va ushbu muassasalardagi 403 dona yaroqsiz hamda ma’nan eskirgan isitish qozonlari tejamkor qozonlarga almashtirilgan.

Mazkur tadbirlarga davomiylik sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani 2019/2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 2019 yil 30 iyuldagi PQ-4407-sonli hamda viloyat hokimining 2019 yil 2 avgustdagi 549-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2019 yilda mahalliy byudjet hisobidan ijtimoiy soha muassasalarini 2019/2020 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashi uchun jami 59 mlrd 037,2 mln. so‘m mablag‘lar ajratilgan.

Jumladan, ijtimoiy soha muassasalari uchun joriy yilda 25 mlrd 119 mln.so‘m, shundan, xalq ta’limi uchun 11 536,4 mln.so‘m, maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 11 288,9 mln.so‘m, sog‘liqni saqlash muassasalariga 2 182,2 mln.so‘m mablag‘lar ajratilib to‘liq moliyalashtirib borilmoqda.

Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati “Ozodlik” radiosining rasmiy sayti mutasaddilaridan ushbu yolg‘on sarlavhali materialni saytdan olib tashlashni hamda bu borada berilayotgan ushbu rasmiy raddiyani saytda hamda “Ozodlik”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va kanallarida e’lon qilishlarini qat’iy talab qiladi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech