Bugun 19 noyabr kuni Chust shahrida viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning sayyor qabuli o‘tkazildi. Chust tumani aholisi vakillari bilan yuzma-yuz muloqot davomida 50 dan ortiq murojaat ko‘rib chiqildi. Uy-joy, moddiy yordam, kommunal xizmat, bandlik, tadbirkorlik, tibbiy xizmatlar masalalarida qilingan murojaatlarning ko‘pi joyida hal etildi. Bir qismi qonunchilikda belgilangan muddatlarda o‘rganib, chora ko‘rish uchun tegishli tashkilot va idoralarga yuborilib, ijrosi nazoratga olindi.

 

Jumladan, bandlik hamda uy-joy masalasida hokim qabuliga kelgan, bolalar uyida ulg‘aygan fuqaro Viktor Polyakovga qabul jarayonidayoq ishga yo‘llanma berildi, uy-joy bilan masalasi ham hal qilinadigan bo‘ldi. Fuqaro qabul yakunlanmasdan yangi ish o‘rnidan qo‘ng‘iroq qilib, bandlik markaziga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Bibiona MFY hududi yashovchilar tomonidan qilingan murojaat ham echimini topdi: mahallaga yangi elektr podstansiyasi o‘rnatiladigan bo‘ldi, mahalla ko‘chalari kelguchi yil asfaltlash dasturiga kiritiladi.

Shuningdek, sayyor qabulga jalb qilingan viloyat tashkilotlari rahbarlari bilan Chust shahri Pansada mahallasi hududi ko‘zdan kechirib, mahallada yashovchilarning muammolari o‘rganildi.

Viloyat hokimi, avvaldan tushgan murojaatlar natijasida mahalla hududida obodonlashtirish ishlari olib borilishi yuzasidan berilgan topshiriq amalda bajarilish holati bilan tanishdi. Mahallliy byudjet hisobidan ko‘chalarga grederlar yordamida shag‘al yotqizilib, ko‘cha bo‘yidagi devorlar ta’mirlanayotgani aholi tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilingani ko‘rildi.

Tuman mutasaddilariga ko‘chalarni yog‘inli kunlarga qolmasdan asfaltlash, tungi tejamkor yoritkichlar o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Hududlarda o‘tkazilayotgan bunday sayyor qabullar aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash va tezkor choralar ko‘rish, ularni bevosita joyida bartaraf etishga xizmat qiladi.