Namanganda 23 noyabr – «Vatanparvar» tashkiloti tashkil topgan kunning 28 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda O‘zbekiston mudofaaga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti viloyati kengashi tasarrufida 12 ta O‘quv sport-texnika klublari va viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi vakillari, faxriylar, hamkor tashkilotlar rahbarlari hamda respublika va viloyat OAV jurnalistlari ishtirok etdilar.

 

Tadbirning ochilishi Baykonur shahrida joriy yil sentyabr oyida o‘tkazilgan sportning “Raketamodel” turi bo‘yicha “Baykonur-2019” Jahon kubogi xalqaro musobaqasida 6 oltin medalni qo‘lga kiritgan yosh konstruktorlarning raketa uchirishlari bilan boshlandi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan uchish tugmasi bosilgan “Namangan” nomli raketa ham muvaffaqiyatli parvozni amalga oshirdi.

 

Tadbirning tantanali qismida so‘z olgan viloyat hokimi, «Vatanparvar» tashkiloti Namangan viloyati kengashi tomonidan olib borilayotgan ishlarni va erishilayotgan natijalarni yuksak e’tirof etib, jamoaga yanada yangi zafarlar tiladi.

Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shganligi va jamoat hayotidagi faol ishtiroki uchun hamda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tashkil topgan kun munosabati bilan bir guruh xodimlar viloyat hokimining Faxriy yorlig‘i hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Tashkilot tizimida faoliyat olib borayotgan faol xodimlarning katta guruhi hamda hamkor tashkilotlar va OAV vakillari, sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalar g‘oliblari bo‘lgan namanganlik “Vatanparvar” o‘quvchilari qatorida erishayotgan o‘z natijalari bilan kelajakka umid berayotgan jajji bolalar ham «Vatanparvar» tashkiloti viloyati kengashining Faxriy yorlig‘i va sovg‘alari bilan mukofotlandilar.

 

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Namangan viloyati kengashi Ahmadjon A’loxo‘jayev “Akademik V.N. Chelomey” nomidagi Xalqaro Kosmos maktabi rahbariyati tomonidan viloyat hokimi nomiga yo‘llangan tashakkurnomani hamda Jahon kubogini Xayrullo Bozorovga tantanali taqdim etdi.

 

Iste’dodli qo‘shiqchi SHahnoza YOqubjonova ijrosidagi qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh qo‘shdi.