Chop etish

Namangan viloyati hududida aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gazning taqsimlash stansiyalaridan chiqish bosimi 2 dekabrdan 3 dekabrga o‘tar kechasi besh barobarga ko‘paytirildi. Bu ko‘rsatkich 6 noyabrdan to 2 dekabrga qadar 0,2 atmosferani tashkil qilib, belgilangan ko‘rsatkichdan 15 barobar kam bo‘lgan va aholi noroziligiga sabab bo‘lgan. Bu haqda “Hududgaz Namangan” MCHJ direktori o‘rinbosari O‘tkirbek Mamadaliyev ma’lum qildi.

Namangan viloyati hokimligi axborot xizmati tomonidan viloyatda gaz va elektr ta’minotida uzilishlar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida so‘z olgan Mamadaliev, gaz taqsimlash stansiyalaridan chiqish bosimi 2 dekabrdan 3 dekabrga o‘tar kechasi besh barobar ko‘paytirilib, 1 atmosferaga yetkazilganini, bu ko‘rsatkichni 3 atmosferadan oshirish bo‘yicha bosqichli ishlar amalga oshirilayotganini bildirdi.

 

Avtomobillarga gaz quyish shaxobchalarida yuzaga kelayotgan uzilishlar yuzasidan izoh bergan O‘tkirbek Mamadaliyev, gaz ta’minotida birlamchi iste’molchilar – ko‘p qavatli uylarda yashovchilar hamda ijtimoiy ob’ektlar ekanini va bu sababdan mavjud 83 ta AGQSHlarga vaqtincha 10 soatlik cheklov qo‘yishga to‘g‘ri kelganini qayd etib, gaz bosimining ortishi bilan bu cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinishini ma’lum qildi.