Chop etish

Yaponiya tabiiy resurslarga boy bo‘lmasada, ularni qayta ishlash bo‘yicha eng ilg‘or mamlakat hisoblanadi. Xuddi shunday tendensiyani qishloq xo‘jaligida ham kuzatish mumkin.

 

Meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilishga ixtisoslashgan “Higashumaru International Corporation”ning yillik savdo aylanmasi hozirda 110 million dollarni tashkil etmoqda.

Ushbu kompaniya O‘zbekistonda 10,0 mln. dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va chet davlatlarga  eksport qilish istagida.

Namangan viloyati delegatsiya a’zolari kompaniya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, o‘z taqdimotlarida viloyatda etishtiriladigan qishloq xo‘jalik maхsulotlari, xorijiy investorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, mavjud imtiyozlar bilan tanishtirdilar.

 

Qayta ishlash va eksport loyihalarini Namanganda amalga oshirish taklifi berildi. Mahsulotlarini etishtirish uchun Yangiqo‘rg‘on, Chortoq yoki Kosonsoy tumanidan, qayta ishlash uchun  esa  soliq va bojxona imtiyozlariga ega “Namangan" erkin iqtisodiy zonasi hududidan er maydoni ajratilishi ma’lum qilindi. Bu taklif “Higashumaru International Corporation” kompaniyasiga  ma’qul keldi. Yaponiyaliklar dekabr oyi oxirida istiqboldagi rejani muhokama qilish uchun Namanganga tashrif buyuradigan bo‘ldilar.

Shuningdek, Yaponiyaning meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi uskunalarni ishlab chiqarish hamda meva-sabzavotni ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Interactive corporation” kompaniyasi rahbari Shoichi Yamada bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.

 

Delegatsiya rahbari Okibjon Inamov bunday zamonaviy uskunalar viloyat ishlab chiqaruvchilari uchun zarurligini ta’kidladi. Namanganda hamkorlikda xorijiy korxona tashkil etish hamda kompaniya uskunalarini yangi tashkil etilgan qo‘shma korxona balansiga investitsiya tarzida kiritib, korxona tomonidan YAponiya davlatining qat’iy talablariga mos tarzda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, uning eksportini yo‘lga qo‘yish taklifi berildi. Ushbu taklif janob Yamada tomonidan ijobiy qabul qilindi va loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.