Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech
Chop etish

Yil sarhisobi bo‘yicha ulkan yutuqlarga erishgan qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni Namanganda esda qolarli tarzda nishonlandi. Ilk tadbir Namangan otchoparida tashkil qilindi. Bu yerga yig‘ilgan o‘n minglab tomoshabin xalqimizning sevimli o‘yini - ko‘pkari musobaqalarini hayajon bilan kuzatdi. Mingdan ortiq chavandoz o‘zining uloqchi oti bilan maydonga tushdi. Tashkilotchilar tomonidan sovringa tikilgan 3 ta tuya, 12 ta toy, o‘ndan ortiq buzoq, o‘ttizga yaqin qo‘y-echki, o‘nlab gilam, televizor va boshqa qimmatbaho sovg‘alar uloqni belgilangan joygacha dadil ortmoqlab borgan polvonlarga taqdim etildi.

 

Uloqda respublikamizning barcha viloyatlari, shuningdek qo‘shni Qirg‘istonning O‘sh, Jalolobod viloyatlari va boshqa hududlaridan kelgan polvon-chavandozlar ishtirok etishdi. Ot chopishda faxriylar ham yoshlarga namuna bo‘ldilar. Uloqning bosh hakamligi vazifasini 70 yoshga borib qolgan to‘raqo‘rg‘onlik Murod polvon Mirzaev – “Kashshey” mahorat bilan bajargan bo‘lsa, andijonlik 70 yashar Sulaymon polvon o‘zining “Gerkules” laqabli otida o‘rtadan uloq olib chiqib, o‘z mahoratini namoyish qildi.

Otchopar atrofida o‘tovlar tikilib, qishloq xo‘jaligi fidoyilari uchun bir piyola choy tashkil etildi. Uning qarshisidagi sahnada esa el ardog‘idagi san’atkorlar Rustam G‘oyipov, iqtidorli xonanda SHohjahon Jo‘raevlar o‘zlarining mumtoz va zamonaviy qo‘shiqlari bilan tadbirni qizdirdilar.

 Bayram tadbirlarida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda barcha tuman rahbarlari ishtirok etdilar.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech