Namangan shahridagi Bobur nomli madaniyat va istirohat bog‘ida O‘zbekistonda o‘xshashi bo‘lmagan musiqali va rang-barang chiroqli bayram archasi ochildi.

Bir necha kun avval Namangandagi “Afsonalar vodiysi” parkida ochilgan 39 metr yuksaklikdagi O‘zbekistondagi eng baland archadan keyin Bobur bog‘ida ochilgan 28 metr balandlikdagi viloyatning bosh archasi ham musiqali va rang-barang chiroqli bezagi bilan “O‘zbekistondagi ilk” sifatiga ega bo‘ldi.

Bosh archaning ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi va namangan ahlini Yangi yil bilan qutlab so‘z oldi.

 

 “Muhtaram Yurtboshimiz bahorning ilk kunida Namanganga qilgan tashriflari chog‘ida “2019 yil Namangan yili bo‘lsin” deb tilak bildirgandilar. Yil davomida bu nomga loyiq bo‘lish uchun barcha namanganliklar bir yoqadan bosh chiqarib harakat qildik. Albatta, qilgan mehnatlarimizga bahoni Muhtaram Prezidentimiz va xalqimiz berishadi. Biroq bugun yil sarhisobini qilganimizda, deyarli barcha sohalarda respublikamizda eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishganimizni qayd etsak bo‘ladi. Nasib qilsa, kelgusi yilda ham bu natijalarni yanada mustahkamlab, 2020 yilni Namanganning yuksalish yili bo‘lishini ta’minlaymiz.” dedi viloyat hokimi o‘z so‘zida.

 

Xayrullo Bozorov yig‘ilganlarni yaqinlashayotgan bayram bilan qutlab, “Mana shunday shukuhli kunlarda barchangizni hamda sizlar barcha Namangan ahlini kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklayman. Barcha niyat va maqsadlaringiz 2020 yilda amalga oshishiga tilakdoshman. Yaratgan Egamdan Yangi yil yurtimiz uchun qut-baraka yili bo‘lishini so‘raymiz. O‘zbekistonimiz dunyoda, Namanganimiz O‘zbekistonda eng old safda bo‘lsin!” deb tilak bildirdi.