25 dekabr kuni “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida Xitoy investitsiyalari bilan tashkil etilgan UFA Garments MCHJ xorijiy korxonasining tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, xitoylik investorlar, OAV vakillari ishtirok etdilar.

 

Tadbir ochilishida so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, bir yil avval ishga tushirilgan “Namangan” erkin iqtisodiy zonasining hududi bugun 670 gektardan ortganini, bugungi yangi korxona bilan birga hisoblaganda umumiy qiymati 550 million AQSH dollaridan ortiq 15 ta yirik loyiha amalga oshirilayotganini qayd etdi.

10 gektarlik maydonda barpo etilayotgan erkaklar ustki kiyimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu fabrikaning ishga tushirilishi natijasida 2500 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi. 2020 yil 4-choragida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan va umumiy qiymati 11 million dollarni tashkil etadigan ushbu korxonada yillik 2 ming tonna tayyor kiyim ishlab chiqariladi.

 

To‘g‘ridan to‘g‘ri Xitoy investitsiyalari bilan tashkil etiladigan ushbu korxona mahsulotlarining 70 foizi Rossiya va Yevropa bozoriga eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

Xitoylik investor Fan Chen Syao xonim o‘z so‘zida UFA Garments korxonasi 5 yil ichida Namangan viloyatining eng yirik eksporteriga aylanishni rejalashtirayotganini qayd etib, viloyatda mavjud arzon xom-ashyo hamda yosh va malakali ishchi resurslari bilan Namanganda barpo etilayotgan ushbu korxonaning kelajagi muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonch katta ekanini ta’kidladi.