O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Namanganda “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati” shiori ostida “Vatanparvarlik” festivali tashkil etildi.

Festival Islom Karimov va G‘irvonsoy ko‘chalari kesishmasidan “Uch favvora” xiyoboniga qadar bo‘lgan masofada marafon bilan boshlandi. Unda 2500 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi. O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘targan otliq milliy gvardiya harbiylari, engil avtomashinalar, sport mototsikllari hamda sport avtomashinalari (baggilar) marafon ishtirokchilariga hamrohlik qilishdi.Marafon ishtirokchilari uch yo‘nalish bo‘yicha taqdirlandilar.

“Uch favvora” xiyobonida tashkil etilgan zamonaviy harbiy texnikalar namoyishi yig‘ilganlarda, ayniqsa yoshlarda juda katta qiziqish uyg‘otdi.

Katta ekranlarda namoyish etilgan harbiy vatanparvarlik ruhida tayyorlangan videorolik, viloyat teatri aktyorlari tomonidan buyuk sarkarda bobokalonlarimiz Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur davri harbiy san’atining jonlantirilgani ham yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Festival doirasida yoshlar o‘rtasida viktorina ham o‘tkazilib, g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.