Chop etish

Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiev fermer xo‘jaliklari rahbarlarini kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar yig‘ilishi chog‘ida nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun Namangan viloyati ma’muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 41-moddasida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Sud Nurshod Xudoyberdievga davlat foydasiga undirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining yigirma barobari, ya’ni 4 million 460 ming so‘m jarima jazosi tayinladi.

Mingbuloq tumani hokimi 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida bergan ko‘rsatmasida o‘z aybiga iqrorligini bildirib, haqoratli so‘zlar umumiy ma’noda ish samaradorligini oshirish uchun bildirilgani, ushbu nojo‘ya harakatlari 3 yanvar kuni tuman hokimligining majlislar zalida o‘tkazilgan viloyat hokimi ishtirokidagi yig‘ilishda muhokama qilinib, unga jiddiy ogohlantirish berilgani, kelgusi ish faoliyatida muomala madaniyatiga qat’iy rioya qilishini bayon qildi.

Sud Nurshod Xudoyberdievga jazo tayinlashda uning aybiga iqrorligini va qilmishidan pushaymonligini jazoni engillashtiruvchi holatlar deb, qilmishini og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas deb hisoblab hamda sodir etilgan huquqbuzarlik harakatining xususiyatini ap jazoni engillashtiruvchi holatlarini hisobga olib, unga nisbatan qonun sanksiyasida nazarda tutilgan jarima jazosi tayinlashni lozim topdi.