Chop etish

Yosh avlodni Vatanga sadoqat, ona yurtni sevib-ardoqlash, yurtimizning boy tarixi hamda ajdodlarimiz merosini chuqur va mukammal o‘rgangan holda kamol toptirish maqsadida shu yilning 22 yanvar kuni qabul qilingan viloyat hokimining viloyatimizdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Ko‘hna Turon – qadim Turkiston, ona yurtim, jon O‘zbekiston!” mavzuida ko‘rik-tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi Farmoyishiga binoan ayni kunlarda tanlovning maktab bosqichlari bo‘lib o‘tmoqda.

Namangan shahridagi 58-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan bahsda 5 – 11- sinf o‘quvchilaridan tarkib topgan “Sohibqiron” jamoasi bilan “Turon” jamoasi bellashdi.

“O‘z hududini o‘rganish bo‘yicha taqdimot”, “Vatanimiz tarixi yuzasidan savol-javoblar” hamda “Tarixiy jarayonlar aks etgan sahna ko‘rinishlari” kabi shartlarni bajarishda o‘quvchi-yoshlar tanlovga har jihatdan puxta va mukammal tayyorgarlik ko‘rganliklarini namoyon etdilar.

Vatanimiz tarixini o‘rganish,  millat g‘urur va iftixor ifodasi, ajdodlarimizning jahon ilm-fani va madaniyati, taraqqiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, milliy davlatchiligimiz yutuqlari va buyuk bobokalonlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘ularini o‘z chiqishlari va savol javoblarda har jihatdan ustun ekanligini ko‘rsatgan “Sohibqiron” jamoasining yosh tarixchilari umumiy hisobda 78 ballni qo‘lga kiritib, mutlaq g‘olib bo‘lishdi va tanlovning hududiy bosqichida ishtirok etish uchun  yo‘llanma olishdi.

Har ikki jamoa hamda eng bilimdon va iqtidorli o‘quvchilar munosib taqdirlandi.

Tanlovning maktablar bosqichi viloyatning barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

 Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati