Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


El tinchligin saqlamoqqa  joni fido,

Dovyurak har posbonlardan ibrat oling.

Chin yurakdan haqlariga aylab duo,

Fidokorni qo‘llash uchun uyda qoling!

 

Kecha-kundiz neligini bilmayotgan,

Oq xalatda o‘z postidan jilmayotgan,

El xizmatin zarra minnat qilmayotgan,

SHifokorni qo‘llash uchun uyda qoling!

 

Olisda ham o‘quvchisin o‘ylar ustoz,

Bu oynai jahonlardan bo‘ylar ustoz,

Farzandlarni nurli yo‘lga yo‘llar ustoz,

Ziyokorni qo‘llash uchun uyda qoling!

 

Virus qoyil qolsin halqim toqatiga,

Bekor rahna soldim desin rohatiga,

El duosi jilov bo‘lsin ofatiga,

Xudo yorni qo‘llash uchun uyda qoling!

 

Barchamiz ham bir xil ma’sul vaziyatda,

Qoldirmaylik xech bir jonni aziyatda,

Anvar xitob aylar sizga xush niyatda,

Do‘st-u yorni qo‘llash uchun uyda qoling!

 

Anvar Nishonov

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech