Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Avval xabar qilinganidek, koronavirus infeksiyasi – COVID-19 ning mamlakatimizga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida bir guruh vatandoshlarimiz xorijdan qaytarilgan edi. 

Jumladan, Janubiy Koreya davlatidan olib kelingan 196 nafar yurtdoshimiz Chortoq sihatgohida karantin kuzatuviga olingan edi. Sihatgohning eng shinam va barcha qo‘layliklarga ega bo‘limlariga joylashtirilgan 145 nafar erkak va 51 nafar ayolning salomatligi karantin davrida 52 nafar tajribali vrach va o‘rta tibbiyot xodimlarining doimiy nazoratida bo‘ldi. Infeksionist vrachlar tomonidan ular kuniga 2 mahal tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 3 mahal tana harorati o‘lchandi. Tekshiruv va tahlillar natijalariga ko‘ra, ularning birortasida kasallik alomatlari topilmadi.

Belgilangan karantin muddatini o‘tab bo‘lgan mehmonlar bugun to‘liq dezinfeksiyalangan avtobuslarda doimiy yashash manzillariga kuzatildi. Yurtdoshlarimiz respublikamizning turli hududlarida istiqomat qilishlari inobatga olinib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan maxsus yo‘lovchi poezdida o‘z yashash manzillariga etkazib qo‘yiladi. Oilasi davrasiga qaytayotganlarning yuz-ko‘zida quvonch. O‘z sog‘ligini xavfga qo‘ymasdan, karantin qoidalariga rioya qilinganining natijasi bu, albatta. Zero, karantin bu – himoyadir.

 

Chortoq tuman hokimligi axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech