Chop etish

Hayot – inson uchun bir marta beriladigan oliy ne’mat. Uning qadr-qimmati shunga monand hamisha bebaho bo‘lib qolaveradi. Inson umri halovatining asosi esa tani sihatligida. Sog‘ligimizni asray olsakkina yashash zavqidan, quvonchu shodliklaridan hech qachon bebehra qolmaymiz. Tibbiyotchilarimizning tunu kun faolligi, o‘z vazifasiga yuksak mas’uliyat bilan yondoshishi xalqimiz salomatligi barqarorligini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. Buni ayniqsa, koronavirus pandemiyasi avj olgan favqulodda holat chog‘ida barcha yaqqol ko‘rmoqda. Bemorlarning eng yaqin najotkori vrachu hamshiralar ekanini chuqur his etishib,ixlosu ishonchlari tobora ortmoqda, desak aslo yanglishmaymiz.

Mana, mamlakatimizda Covid-19 ga qarshi kurash jarayonida karantin holati joriy qilinganidan buyon bir oy kechdi. Qisqa muddat mobaynida qat’iy tibbiy talablarga muvofiq yangicha turmush tarzi shakllantirildi. Odamlar bir biridan masofada turib aloqaga kirishishga, har kim o‘z uyida, oilasi bag‘rida yashab, jamitya a’zolari bilan mobilь telefonlari, internet tarmoqlarida munosabat o‘rnatishga o‘tdilar. Zaruriyat chog‘ida ko‘chaga chiqqanda ham tibbiy niqob taqib yurish ko‘nikmasi hosil qilindi. SHular tufayli sog‘ligimizga katta xavf tug‘dirayotgan shafqatsiz virusni daf etish kurashida kuchlarni chinakamiga birlashtirishga erishildi. Bu - bizning beqiyos yutug‘imizdir. CHunki, odamdan odamga yuqib, zanjirsimon xalqalari bilan hayotimizga tajovuz solgan ko‘zga ko‘rinmas virusning aholi o‘rtasida yoyilib ketishiga zarracha imkon berilmadi.

Yangicha taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yilgan bir sharoitda ro‘y bergan olamiy falokat xalqimizga katta talofat etkazishining o‘z vaqtida oldi olinib qolindi. Koronavirusdan vafot etganlarning soni mamlakatimizda barmoq bilan sanarli, xolos. Agar jahonda shu kasallikdan qattiq ozor chekkan yurtlarga solishtirsak, bizdagi holatning mo‘‘jizadan kam emasligi yorqinroq namoyon bo‘ladi.

Dunyoning atangan davlatlari - Xitoy, AQSH, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa joylarda ming-minglab fuqarolar koronavirus qurboniga aylanishdi. Bizda esa, fojea u qadar dahshatli tusga kirishiga yo‘l qo‘yilmadi. Sababi, avvalo, Prezidentimizning rahnamoligida davlatimiz barcha fuqarolarini sira kechiktirmasdan o‘z panohiga oldi. Insonlarning hayoti pul va boylikdan ustun baholandi. Hatto xorijdagi fuqarolarimizgacha havo kemalarida alohida reyslar tashkil qilinib, zudlikda O‘zbekistonga keltirildi. Ularning hammasi dastlab, tibbiy nazoratda tutildi, keyin esa maxsus testlar o‘tkazilib, kasallikka chalinganlarini davlat hisobidan bepul davolash chora-tadbirlari belgilandi.

Jumladan, viloyatimizdagi “Kosonsoy”,”Chortoq” sanatoriyalari, To‘raqo‘rg‘on va Chust tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonalarida xorijdan qaytgan hamyurtlarimiz salomatligi kuzatuvga olingan bo‘lsa, etmishdan ortiq tibbiy muassasalarda kasallikni yuqtirganlar bilan muloqotda bo‘lganlar karantin tadbirlariga jalb etildi. Aslida bu shunchaki shoshilinch choralar emasdi. Oldindan ko‘zlangan aniq harakatlarning boshlanishi edi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Viloyat hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillaridan iborat maxsus shtab kechayu-kunduz faoliyat yuritmoqda.

Chunonchi, boshqarmamiz qoshidagi o‘n kishidan iborat tibbiy shtab 70 dan ziyod davolash-profilaktika muassasalaridagi koronavirusga qarshi olib borilayotgan keng qamrovli tibbiy tadbirlarning muvaffaqiyati uchun mas’ul. Vazifalarni, topshiriqlarni etkazadi, bajarilishini nazoratda tutadi, zarur amaliy va nazariy ko‘maklarni uyushtiradi. Ayni paytda karantin muassasalaridagi 700 nafardan ziyod vrachu hamshiralarimiz huddi askarlardek kasallikni oldini olish bo‘yicha kurashishmoqda.Ochig‘ini aytganda, o‘zgalarning jonini omon saqlab qolish uchun o‘z jonlarini xavfga qo‘yishdan ham cho‘chishmayapti. Bu, ularning qasamlariga sodiqligidan, sadoqatidan nishona albatta.

Viloyat yuqumli kasalliklari shifoxonasida jasorat ko‘rsatib, bemorlarni hayotga qaytarayotgan salomatlik posbonlarining fidoyiligi tahsinga loyiq. Ularning mislsiz matonati haqida hali ko‘p yoziladi. Masalan, shifoxona bosh hamshirasi Mashhura Obidova uch yashar farzandini oilasi bag‘riga tashlab, o‘zi necha haftadirki virusni yuqtirganlarni davolash ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Salomatlikni qayta tiklash shifoxonasi vrachi Ibrohimjon Ismadierov tug‘ilgan kunini shifoxonada nishonladi. Bunday kasbdoshlarimizning oramizda ko‘pligi ko‘nglimizda cheksiz faxr uyg‘otadi.

2020 yilning mart va aprelь oylari namanganlik tibbiyotchilar uchun ham fidoyilik va matonat sinovi davri sifatida tarixiy olamshumul ahamiyat kasb etmoqda. Mamnuniyat bilan ta’kidlashimiz joizki, biz bu sinovda Yurtboshimiz bilan birga koronavirusni engishga qodirligimizni chuqur anglab etdik. Avvalo, uch yil muqaddam boshlangan tibbiy-islohiy o‘zgarishlarning jadalligi va izchilligi, sohadoshlarimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning beqiyosligi har birimizga baland ruh, bitmas - tuganmas kuch-quvvat bag‘ishlab kelayotgan edi. Shuning uchun jahon ommasini vahimaga solgan, dahshatga tushirgan koronavirus ofati oldida hech esankirab o‘tirmadik. Dadil kurashga otlandik,endi esa,kunma-kun sog‘lomlashayotganlar safi kengaymoqda. SHifokorlarimiz sha’niga olqish ustiga oliqishlar yog‘ilmoqda. Men buni shifoxonalarimizda bilimdon va yuqori malakali mutaxassislarimizdan muolajalar olib, sog‘liqlarini qisqa fursatda tiklab chiqayotganlarni kuzatish paytida ko‘p bor eshityapman. Odamlarimizning shifokorlarimizga mehru muhabbati yanada kuchaymoqda. Bu haqda Prezidentimiz selektor yig‘ilishlarida qayta-qayta mamnuniyat bilan gapirmoqdalar. Shifokorlarimizning koronavirusga qarshi kurashdagi matonatlarini qahramonlik, deya ta’kidlamoqdalar. Ular xizmatlariga yarasha moddiy va ma’naviy rag‘batlantirilmoqda.

Demak, insonparvarlik tamoyili ustuvor yurtimizda koronavirusga chalinganlarni davolash, shubha qilinganlarni esa testdan o‘tkazish bepul va beminnat amalga oshirilayotgan ekan, shunday salomatligimizni kafolatlovchi O‘zbekistondek yurtning fuqarosi va tibbiyotchisi bo‘lganimizga mingdan-ming shukronalar aytsak arziydi. Zoti sharif insonning sog‘-salomat yashashi kurrai zaminimizning gullab-yashnashini ta’minlaydi. Avlodlar uchun bizdan,albatta, obod yurt, tani va aqli sog‘lom hamda qudratli xalq qoladi.

Bizlar dunyo tibbiyotining allomasi Abu Ali ibn Sinoning vorislarimiz. Ajdodimizga munosib avlod bo‘lishga doimo burchlimiz. Fidokorlik shifokorlarimizning yuksak fazilati ekanini biror lahza unutmasligimiz shart.

 

Solijon Mo‘minov,

Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i