Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Namangan tumanida ipak qurti etishtirish jarayonlari hamda pilla yig‘ish ishlarining borishi bilan tanishdi.

Tuman mirishkorlari pillachilik yo‘nalishida yuqori hosil olmoqdalar. Viloyat hokimi Tepaqiyot mahallasida pillachilikning o‘ziga xos maktabini yaratayotgan tajribali fermer Fazliddin G‘oyipov rahbarligida ipak qurti parvarishi bilan mashg‘ul bo‘layotgan aholi xonadonlarida bo‘lib, jarayonlarni ko‘zdan kechirdi. Fermer tomonidan yo‘lga qo‘yilgan ipak qurtini ma’lum davrgacha xona ichida parvarishlab, keyin ochiq havoda o‘rnatilgan so‘kichaklarga olib chiqib boqish tajribasi viloyat rahbari tomonidan yuqori baholandi.

Xayrullo Bozorov tuman pilla qabul qilish punktida birinchilardan bo‘lib omborga kumush tolani topshirayotgan pillakorlar bilan uchrashdi. Bir quti urug‘dan olingan hosil o‘rtacha 70-75 kg gacha borayotganidan mamnuniyat qayd etildi. Ilg‘or pillakorlarga viloyat hokimining sovg‘alari topshirildi.