Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Yangiqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan yangi ko‘p qavatli uylar bilan tanishdi.

Tumanning “Obod” va “Beshbuloq” mahallalarida 5 ta 5 qavatli, jami 150 xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar qad rostlamoqda. Uzoq muddatli ipoteka krediti asosidagi ushbu xonadonlar uy-joy sharoitini yaxshilash istagidagi oilalar uchun mo‘ljallangan. “Vodiy” mahallasida qurilayotgan 4 ta 4 qavatli, 96 xonadonli uy-joylar esa yosh oilalar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, xorijdan qaytgan hamyurtlarimiz uchun bunyod etilmoqda.

E’tiborli tomoni, qurilish sohasi Yangiqo‘rg‘onda aholi bandligini ta’minlashning o‘ziga xos manbasiga aylanmoqda. Birgina raqam: tumandagi yuqorida sanab o‘tilgan qurilish ob’ektlarida 250 nafarga yaqin odam ishlab turibdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov soha mutasaddilari va quruvchilar bilan muloqot chog‘ida qurilayotgan uy-joylar tannarxini arzonlashtirish masalasiga alohida to‘xtaldi.

—Aksar qurilish materiallari, jumladan, sement, g‘isht o‘zimizda ishlab chiqarilyapti, chetdan olib kelishga hojat yo‘q. Shuning hisobiga ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar narxini arzonlatishimiz kerak. Qancha arzon va tezroq qursa hamda tezroq sotsa quruvchining o‘ziga ham shuncha yaxshi, — dedi viloyat hokimi.

Tumanning “Obod” mahallasidagi Iqtisodiyot va transport kolleji hududida foydalanishda bo‘lmagan qarovsiz erlar mavjud edi. Bu erda 7 qavatli, 42 xonadondan iborat 5 ta  zamonaviy monolit uylar qurish taklifi ilgari surildi.

Viloyat hokimi ushbu taklifni ma’qulladi va qishloq sharoitida o‘ziga xos yangilik bo‘ladigan ushbu ko‘p qavatli uylar qurilishini tezda boshlash yuzasidan ko‘rsatma berdi.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech