Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Pop tumanidagi “Namangan agro logistika markazi”da tumanning istiqbolli loyihalari bilan tanishdi. 

Pop tumanida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida intensiv usulda bog‘ yaratish, baliq etishtirish, naslli echkichilik va qo‘ychilikni yo‘lga qo‘yish, asalarichilik va  parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha o‘nlab loyihalarga kirishilgan.

Jumladan, birgina «Zamin elegant servis» MCHJning 4 gektar maydonda gidroponika issiqxonasi, 60 gektar maydonda intensiv bog‘, 2000 tonnalik muzlatgichli sig‘im va qoramolchilik xo‘jaligi tashkil etish kabi loyihalarining umumiy qiymati 15 million dollarni tashkil etmoqda.

Sanoat yo‘nalishida esa tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari, noto‘qima matolari tayyorlash, temirni  qayta ishlash, granitdan pardozli toshlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. “Quvasoy Lider Rams” MCHJ tomonidan esa qiymati 5 milliard so‘m bo‘lgan tomyopqich maxsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi ishlab chiqilgan.

Umuman olganda, tumanda 2020-2022 yillar davomida jami 142 ta investitsion loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Xayrullo Bozorov mazkur loyihalar bilan tanishar ekan, ularda yaratiladigan yangi ish o‘rinlari va eksport imkoniyatlari bilan qiziqdi. Tadbirkorlar bilan muloqot davomida loyihalarni amalga oshirishda ushbu ikki jihatga alohida urg‘u berish zarurligini ta’kidladi.