Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Oqtosh mahallasi hududida “Ifoda agrokimyohimoya” MCHJ tomonidan barpo etilayotgan granula holidagi mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish sexi bilan tanishdi.

3 million dollarlik loyiha yiliga 100 ming tonna NPK — azot, fosfor, kaliy, shuningdek, tarkibida mikroelementlar ham bo‘lgan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarilishini ko‘zda tutadi. Ishlab chiqarilgan mahsulot ichki bozorga yetkazib berilishidan tashqari xorijga, xususan, Turkiya va MDH davlatlariga ham eksport qilinadi. Korxonaning yillik eksport amaliyoti 25 million dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan.

—Ushbu sexni bemalol O‘zbekistonda o‘xshashi bo‘lmagan korxona deb atash mumkin. Chunki bu yerda ishlab chiqariladigan o‘g‘itlarning tarkibi hududlar xususiyatiga qarab o‘zgartirilishi, u yoki bu mikroelementlar qo‘shilishi mumkin. Korxonaning ishga tushirilishi qishloq xo‘jaligi rivoji, ekinlar unumdorligi va sifati oshishi uchun xizmat qiladi, — dedi viloyat hokimi.

 

Korxona joriy yil sentyabr oyiga qadar faoliyatini boshlaydi va bu yerda 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.