Chop etish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar kelajagiga katta e’tibor qaratilib, ularni qiziqishi va iqtidoriga mos kasbga yo‘naltirish bo‘yicha chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Bu e’tibor samarasi Namangan viloyatida ham o‘z aksini topmoqda. Jumladan, Namangan tumanida ham 4-sektor rahbarlari tashabbusi bilan 11-sinf bitiruvchilarini kasb-hunarga yo‘naltirishga qaratilgan uchrashuvlar, onlayn muloqotlar va yashash xonadonlarida yuzma-yuz muloqotlar tashkil qilinmoqda. Ta’kidlash joizki, tumanda 11-sinf bitiruvchilari 2434 nafar bo‘lib, shundan  1178 nafari qizlardan iborat. Bu yoshlarning 1583 nafari oliy ta’limda o‘qish, 408 nafari kasb-hunar kolleji va texnikumlarda malaka oshirish, 371 nafari to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasb-hunar o‘rganish, 62 nafari biznes reja asosida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, 17 nafari esa harbiy xizmatga borish istagini bildirgan.

Tuman hokimi, birinchi sektor rahbari Sadriddin Mo‘minov boshchiligida o‘quvchi-yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Masalan, “Oq buloq” MFYda joylashgan 18-umumta’lim maktabida 650 nafar o‘quvchi 41 nafar malakali pedagogdan ta’lim-tarbiya olmoqda. Shundan, 330 nafarini qizlar tashkil etadi. Maktab 2017-2018 o‘quv yilida “Eng obod ta’lim muassasasi” nominatsiyasi bo‘yicha Respublikada g‘olib bo‘lgan. Joriy o‘quv yilida maktabni jami 142 nafar, jumladan 92 nafar o‘quvchi 11-sinf bitirdi. Ta’lim muassasasida 34 ta yo‘nalishda to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 4 ta sport, 2 ta kasb-hunar seksiyasi ish olib bormoqda. 

Rangtasvir to‘garagi a’zosi, bitiruvchi Mohinur Otamirzayeva 6 yoshdan buyon to‘garakda shug‘ullanadi. U hozirga qadar 3000 mingdan ortiq turli janrlardagi musavvirlik asarlarini yaratdi. Ayniqsa, dizayner, rangtasvir, qalamtasvir, portret, grafika, miniatura va mozaiyka yo‘nalishlaridagi ijodi e’tiborga loyiq. Xonadonida ijod uchun qulay sharoit yaratib, “Uy galereyasini” tashkil qilgan. Mohinur xayolidagi voqeliklarni o‘sha vaqtning o‘zida qog‘ozga tushiradi. U vatanparlik, tabiat manzarasi, xayvonot va nobodat  olamini juda mahorat bilan tasvirlaydi. Ahamiyatlisi, yosh rassom rasm chizish bilan cheklanib qolmay, o‘zi yaratgan asarlarini galareyadan sotilishini ham yo‘lga qo‘ydi.  Oxirgi bir yilda 80 dan ortiq turli mavzudagi asarlari san’at shaydolari tomonidan o‘rtacha 70-250 ming so‘mdan xarib qilinib, oila byudjetiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. U bir kunda o‘rtacha 3 ta mo‘yqalam asarini  yaratadi. Onasi Zulfiya opa bozordan qiziga zarur xomashyoni olib beradi. Mohinur yosh bo‘lishiga qaramay iste’dodi tufayli bir oyda o‘rtacha 1,5 mln. so‘m sof foyda topmoqda. Ustozi shogirdlari bilan qadrli. Tadbirkor musavvir qizning  30 dan ziyod shogirdlari bo‘lib, ijtimoiy tarmoqda “Bunchalar shirinsan, hayot” nomli kanalga asos soldi. Telegram sahifasi ochilganiga bir oy bo‘lib-bo‘lmasdan 200 ortiq iqtidorli o‘quvchilarni birlashtirdi. U tuman, viloyat va Respublika tanlovlarida ham faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallamoqda. 2018 yilda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tomonidan o‘tkazilgan “San’at festivali”da “Eng yosh rassom” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Bolgariya, Qozog‘iston, Rossiya va Misr davlatlarida tashkil etilgan onlayn xalqaro tanlovlarda sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. U o‘zining sevimli sporti gimnastika yo‘nalishida tuman, viloyatda va respublikada bir necha bor g‘olib bo‘ldi. U yana qo‘l mehnati asosida qo‘g‘irchoqlar yasashga usta. Bolalarbop ishlangan, sovg‘aga munosib bu o‘yinchoqlar ham o‘rtacha 50-120 ming so‘mdan sotilib, unga mo‘may daromab keltirmoqda. Mohinur Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida o‘qishini davom ettirish niyatida tayyorgarlik ko‘rmoqda. 

Maktabning yana bir iqtidorli o‘quvchisi Husnida Tursunboyeva 9-sinfda o‘yiydi. U “Mohir qo‘llar” to‘garagi va “Quyoshcha” qo‘g‘irchoq teatrining faol a’zolaridan biri. Ustozi, texnologiya fani o‘qituvchisi Shohida Abdullayevadan to‘qish sirlarini qunt bilan o‘rganmoqda. Qizi Husnidaning qiizqishini ko‘rgan ota-onasi u hali 5-sinfda o‘qiyotgan paytdayoq farzandiga astoydil shug‘allanishi uchun uyda qulay mehnat muhitini yaratib Husnida yaratagan turli ko‘rinishdagi qo‘g‘irchoqlar soni 500 tadan ortdi. Uning 6 yoshdan 25 yoshgacha 30 dan ziyod shogirdlari bor. Bir kunda qo‘g‘irchoqlarning katta-kichikligiga qarab qo‘l mehnati asosida 3 ta qo‘g‘irchoq to‘qiydi. U yaratgan qo‘g‘irchoqlar xaridorgir bo‘lib, tumandagi hamda qo‘shni tumandagi xususiy va davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari buyurtma asosida sotib olishmoqda. Sababi qo‘g‘irchoqlari ham chiroyli, ham arzon. Bir donasi 5mingdan 30 minggacha baholanmoqda. Shu tariqa u oilasiga bir oyda o‘rtacha 2 million so‘m daromad keltirmoqda. To‘qish uchun zarur mahsulotni mahalliy bozordan xarid qiladi, tadbirkorlar bilan yaqin aloqa o‘rnatgan. 

Husnida tuman va viloyatda tashkil etilgan turli ko‘rik-tanlovlarda  faol qatnashib, faxrli o‘rinlarni olgan. Karantinda O‘zbekiston YOI tuman kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Karantin cheklovida cheksiz ijod” onlayn tanlovida faxrli 1-o‘rinni oldi va diplom bilan taqdirlandi. Sevimli mashg‘ulotlaridan yana biri - echki yungidan tabiiy ro‘mol (xalq tilida puxovoy)ni maxsus to‘quv dastgohida to‘qiydi. Bu ro‘mollarning narxi  o‘rtacha 35-80 ming so‘mdan kam emas. Maktabdagi o‘zi a’zo bo‘lgan “Quyoshcha” teatriga barcha qo‘g‘irchoqlarni o‘zi yasab berdi. 

Bu ikki yoshning istedodi va intiluvchanligi tuman hokimi Sadriddin Mo‘minovda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularning qo‘l mehnatidan topayotgan daromadini yoshlarga ibrat qilib ko‘rsatsa arziydi. Shu bois tuman hokimi S.Mo‘minov o‘quvchilarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish maqsadida tuman markazidan maxsus bino ajratib, imtiyozli kreditlar bilan ta’minlashini ta’kidladi. YOshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda o‘quvchilar o‘rtasida ustoz-shogird an’anasini rivojlantirishda bu kabi tashabbuslar kutilgan samara beradi. Bu borada tumandagi mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi. 

Ulug‘bek Rahimov