Chop etish

Pandemiya ta'sirida yuzaga kelgan noqulayliklarga qaramay joylarda xayrli tadbirlar to‘xtagani yo‘q. Jumladan, Chortoq tumanida ham agrar sohada o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi yoshlarning bandligini ta'minlash borasida bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

 

 


Ana shunday xayrli ishlar samarasida endilikda viloyat o‘rmon xo‘jaligining “Muchum Keskanyor” muqobil mashina traktor parki hududidagi “Tollik” massividagi yer maydonlariga 500 nafar tashabbuskor yoshlar egalik qiladilar. Hozirgacha 187 nafar chortoqlik yoshlarga ushbu hududdan 30 sotixdan yer maydoni ajratib berildi.

Bugun viloyat va tuman hokimliklari, viloyat favqulodda vaziyatlar, xalq ta'limi boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi hamkorligida “Keskanyor, “Laskidon”, “Damariq”, “Yuksalish”,  hamda "Navoiy" nomli MFY hududidagi 4-, 5-, 6-, 32- umumiy o‘rta ta'lim maktablarining 60 nafar bitiruvchilariga  30 sotixdan yer ajratilib, tuman hokimining sertifikatlari topshirildi.

 


Tuman hokimi Anvarjon Otaxodjaev yoshlarga yerdan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berish barobarida ularni tadbirkorlik, tashabbuskorlikka chorlab, kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Joriy yilda tumandagi umumta'lim maktablarini jami 2619 nafar bitiruvchi tamomladi. Ularning 2097 nafari oliy o‘quv yurtlariga kirish istagini bildirgan bo‘lsa, 13 nafari muddatidan avval xorijiy oliy o‘quv yurtlari talabasi bo‘lishga muvaffaq bo‘lib, 135 nafari texnikum va kasb-hunar kollejlarida tahsilni davom ettirish, 297 nafari hunar o‘rganish, 3 nafari harbiy xizmatga borish, 106  nafari tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ahd qilgan.

 


Ushbu yerlar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz yoshlarga 49 yilga shartnoma asosida bepul beriladi. Viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan bodom, yong‘oq, olxo‘ri va shunga o‘xshash ko‘chatlar ekib beriladi.  Ko‘chatlar rivojlanguncha va keyinchalik ham qator oralarida dehqonchilik qilib, qo‘shimcha daromad topish imkoniyati bor.



Tuman hokimligi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ko‘magi bilan qo‘shimcha suv tarmoqlari tortib berilayotgani bu yerdagi ishlar ko‘lamini kengaytirmoqda. Faqat yaratib berilayotgan imkoniyatlarga monand mehnat qilish lozim xolos.


Chortoq tuman hokimligi axborot xizmati