Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Chust tumanidagi “Bolo” mahallasida istiqomat qiluvchi urush va mehnat faxriysi Umarjon Jo‘raev xonadonini yo‘qladi.

 

Umarjon ota bu yil 95 yoshni qarshiladi. U kishi 8 nafar farzandni tarbiyalab, el koriga yaraydigan insonlar qatoriga qo‘shdi. Bugungi kunda 40 nabira, sanog‘ida o‘zlari ham adashadigan evara-chevaralar ardog‘ida.  

 Ikkinchi jahon urushining barcha zahmatlarini ko‘rgan, tanasida o‘qlar asoratlari qolgan bobo 5 yildan beri to‘shakka mixlanib qolgandi. Viloyat hokimi u kishi bilan ko‘rishib, Qurbon hayiti sovg‘a-salomlarini ulashdi.

 —Umarjon ota kabi faxriylar bizning haqiqiy xazinamiz. Bunday hazrati insonlar juda oz qoldi, ular bizga omonat. Nafaqat shunday ayyomlar arafasida, balki muntazam yo‘qlashimiz, ko‘ngillari va duolarini olishimiz zarur. Bunda juda katta savob va hikmat bor, — dedi Xayrullo Bozorov.

 Viloyat hokimi ko‘rsatmasi bilan Umarjon ota Jo‘raevga malakali tibbiyot hamshirasi biriktirildi.