Chop etish

Joriy yilning 8-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Prezidentimiz qarorida xodimlar ish bilan ta'minlanishi belgilangan edi” sarlavha ostida xabar joylashtirilgan.

Majburiy ijro byurosi Namangan shahar bo‘limining sobiq davlat inspektorlarining qayta murojaatida  byurodan bo‘shagan xodimlar ish bilan ta'minlanishi belgilanganligi, ammo haligacha ish topib berilmaganini bayon etishgan.

Mazkur murojaat, unda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.

Byuroning Namangan shahar bo‘limida faoliyat ko‘rsatib kelgan sobiq xodimlarga amaldagi mehnat qonunchiligiga ko‘ra ish beruvchi tomonidan ogohlantirish xatlari berilgan. Ularni ish bilan ta'minlash maqsadida muntazam ravishda tegishli chora-tadbirlar ko‘rib kelinmoqda. Joriy yilning iyul-avgust oyining o‘zida 3 marotaba Namangan shahri hududida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot va idoralarning 450 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilgan. 2020-yilning 5-sentabrga  qadar 40 nafar sobiq xodimlar ta'minotchi korxona va boshqa muassasaga ishga joylashtirildi.

Aynan 2020-yilning 3-sentabr kuni ham 60 nafar sobiq davlat inspektorlar uchun boshqarma Kadrlar bo‘limi, bandlikka ko‘maklashish markazi ishga joylashtirish bo‘limi hamda ta'minotchi korxonalar mutassaddilar ishtirokida tadbir tashkil etilgan. Tadbir mobaynida bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma'lumotlar xodimlarga yana bir bor taqdim etildi.

Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, ayrim sobiq davlat inspektorlari taklif etilgan bo‘sh ish o‘rinlari ma'qul kelmagani uchun ishga joylashishga rozi bo‘lishmayotgani ma'lum bo‘lmoqda.

Asosiysi, Byuro organlaridan qisqartirilayotgan xodimlarni ish bilan ta'minlash masalasi doimo e'tiborda bo‘lib kelganini ma'lum qilamiz.

Majburiy ijro byurosi

Namangan viloyat boshqarmasi