Byuroning Namangan shahar va tumanlar bo‘limlari davlat ijrochilari tomonidan soliq qarzdorliklarini majburiy tartibda undirish borasida ham tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda. Jumladan, bo‘limlar ish yurituvida joriy yilning 1-sentyabr holatiga 7547 ta umumiy miqdori 190 mlrd so‘mlik ijro hujjatlari mavjud. Davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida 5539 ta salkam 147 mlrd so‘mga yaqin ijro hujjatlari amalda tamomlandi.

Masalan, Byuroning Namangan shahar bo‘limi ish yurituvida qarzdor “Namangan Agrokimyohimoya” XAJ dan soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.

Mazkur ijro hujjatini ijrosini ta'minlash maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, davlat ijrochisi tomonidan ijro ishi qo‘zg‘atilib, qarzdor jamiyatga soliq qarzdorligini to‘lash bo‘yicha ixtiyoriy muddat berilgan.

Biroq, ijro ixtiyoriy muddatda bajarilmagani uchun majburiy harakatlar olib borildi. Ya'ni, jamiyatga tegishli avtotransport vositalari va ko‘chmas mulklar xatlandi. Shundan so‘nggina jamiyat mutassadilari “uyg‘ondi” shekilli 2 mlrd 199 mln so‘m soliq qarzdorligi undirilib, bo‘lim depozit hisob-raqamiga o‘tkazildi.

Umuman olganda, 2020-yilning 8 oyi davomida 20 mlrd so‘mdan ortiq mol-mulklar soliq qarzdorligi uchun xatlanib, “E-ijro” auksion savdosi orqali sotuvga chiqarilgan. Bundan tashqari, shahar va tumanlar soliq inspeksiyasi hodimlari bilan hamkorlikda 79 mlrd so‘m mablag‘ mahalliy byujdetga tushirishga erishilgan.

Oybek Akramov,

MIB Namangan viloyat boshqaramasi katta inspektori