Vatan himoyachilari kuni mamlakatimiz xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinchligi va osoyishta hayotini himoyalashga qodir bo’lgan, istiqlol yillarida ravnaq topib, yaxlit va ishonchli kuchga aylangan Milliy armiyamizda xizmat qilayotgan harbiylarnigina emas, balki yurt tinchligi va osoyishtaligiga mas’ul bo’lgan har bir vatandoshimiz uchun faxrli bayramga aylandi.

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Namangan viloyatida ham bir qator tadbirlar o’tkazildi. Jumladan, bugun viloyat va Namangan shahar hokimligi, jamoatchilik vakillari, harbiylar Xotira xiyobonidagi Motamsaro Ona haykali poyiga gullar qo’yib, Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo’lida jon fido qilgan yurtdoshlarimizni yod etdilar.

Shuningdek, Namanganda Vatan himoyachilar kuniga bag’ishlab avtomarofon o’tkazildi. Mudofaaga ko’maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu marofonda 11 ta “Kobalt” avtomashinasi Namangan shahridan yo’lga chiqib, To’raqo’rg’on va Chust tumanlari orqali Pop tumanidagi “vodiy darvozasi” hisoblangan Chodak qishlog’iga borib qaytdilar.