Avval xabar berganimizdek Namangan viloyatida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig'iga binoan: O'zbekiston Respublikasi Adliya vaziri, Ichki ishlar vaziri, Bosh prokurori, Oliy sud raisi, Bojxona qo'mitasi raisi va Soliq qo'mitasi raislari ishtirokida 2017 yil 18-19- iyul kunlari "Adolatli jamiyat qurish hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish yo'lida korrupsiyaga qarshi kurash muammolari" mavzusida uchrashuvlar o’tkazilmoqda.

Namangan shahar 35-umumiy o’rta ta’lim maktabida O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi raisi Parpiyev Botir Rahmatovich ishtirokida yig’ilish bo’lib o’tdi. Shahar hokimi va o’rinbosarlari, tashkilot hamda muassasalar rahbarlari, mahalla fuqarolar yig’ini raislari va fuqarolar ishtirok etgan yig’ilishda Namangan shahri aholisining mol-mulk va yer solig’idan qarzdorligi 22 milliard so’m ekanligi ta’kidlandi. Ushbu mablag’larni tezroq undirilsa aholini qiynab kelayotgan muammolar yechimi tezroq topilishi ham aytib o’tildi.

Davlat soliq qo’mitasi raisi: "Agar soliqlar vaqtida to’lansa muammolar tezroq hal bo’ladi. Soliq organi rahbari sifatida tan olaman kamchiligimiz bor, oramizda pora oladigan, mansabini suiste’mol qiladigan hodimlar ham bor, mana shunqa kishilarni aniqlashda sizlarning yordamingiz kerak."- deya yig’ilish ishtirokchilariga murojaat qildi.

Shundan so’ng aholining muammolari eshitildi va ayrimlari joyida hal etildi.