Namangan shahridagi 15-sonli futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab internatida futbolimiz kelajagiga e’tiborning yana bir namunasi sifatida mini-futbol stadioni foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda bolalar va o‘smirlar sport maktablarida saboq olayotgan yoshlar orasidan jahon chempionlari, olimpiada sovrindorlari yetishib chiqayotgani haqida so‘z yuritildi. Tabiiyki, viloyatimizda yagona bo‘lgan 15-sonli futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab internatining sobiq tarbiyalanuvchisi, taniqli futbolchi, O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Odil Ahmedovning beg‘araz homiyligida qurib bitkazilgan mazkur stadion ham ushbu maktab o‘quvchilari uchun katta sport yo‘lida tramplin vazifasini o‘taydi.

Tadbirda mashhur futbolchining maktab-internat tarbiyalanuvchilari uchun atagan to‘p va sport kiyimlaridan iborat sovg‘alari topshirildi.

Marosimda viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Xayrullo Bozarov so`zga chiqdi.

Axborot xizmati