Bugungi kunda dori-darmon vositalari kasalliklarning oldini olish hamda ularni davolashda muhim ahamiyat kasb etishi hammamizga yaxshi ma’lum. O’z navbatida davlatimiz rahbari tomonidan farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga, aholi va davolash-profilaktika muassasalarini O’zbekistonda ishlab chiqarilgan sifatli, yuqori samarali va xavfsiz dori-darmon vositalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda farmatsevtika sohasida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, jahon bozorida raqobatdosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini va uning turlarini kengaytirishga qaratilgan tarkibiy o’zgartirishlar amalga oshirildi.

Bu esa talab va ehtiyoj katta bo’lgan dori-darmon vositalarini mahalliy sharoitda uzluksiz ishlab chiqarish uchun yetarli emas, albatta. Shuni inobatga olgan holda, ishlab chiqarish quvvatlariga yaqin bo’lgan ekologiyasi toza va sof bo’lgan tumanlarda yangi plantatsiyalarni tashkil etish rivojlanayotgan farmatsevtika sohasining dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 maydagi  “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo’stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to’g’risida”gi PF-5032-sonli Farmoni qabul qilinishi, avvalambor, respublikamizning farmatsevtika sohasini rivojlantirishga, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo’llab-quvvatlashga, mahalliy dori-darmon vositalari bozorini o’zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli preparatlar bilan to’ldirishga keng imkoniyat yaratadi.

Muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 3 maydagi PF-5032-sonli Farmonlariga muvofiq viloyatimizning Kosonsoy tumanida “Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi.

Bundan ko’zlangan asosiy maqsad quyidagilardan iborat;

- Respublikamizning farmatsevtika tarmog’ini rivojlantirishga yo’naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish,

- Dorivor o’simliklar xomashyosini yetishtirishning noyob sharoitlarini inobatga olgan holda mahalliy dorivor vositalar bozorini o’zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori vositalari bilan to’ldirish,

- ularni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo’shilgan qiymatli farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish,

- Viloyatimizning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanish asosida yangi ish o’rinlarini yaratish va viloyatimiz aholisi daromadlarini oshirish,

- Ichki bozorni keng turdagi hammabop, sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan yanada to’liq to’ldirish va viloyatimiz sanoat salohiyatini rivojlantirish masalalarini hal etish maqsad qilingan.

Mazkur “Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etish maqsadida, Kosonsoy tumani “Namuna” massividan dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun 32,0 gektar, dorivor o’simliklarni yetishtirish plantatsiyalari uchun “Buxoro” massividan 100,0 gektar yer maydoni ajratildi.

Tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonaning faoliyat muddati keyinchalik uzaytirish imkoni bilan 30 yil etib belgilangan shuningdek, hududda alohida soliq, bojxona va valyuta tartiblari amal qiladi hamda erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari tomonidan tegishli investitsiyalar kiritilganda tegishli imtiyozlarga ega bo’ladi.

Muhtaram Yurtboshimiz tomonlaridan tashkil etilgan “Kosonsoy farm” erkin iqtisodiy zonasida farmatsevtika yo’nalishida loyihalarini amalga oshirish istagini bildirgan tadbirkorlik sub’yektlari o’zlarini qiziqtirgan savollarga tashkil etilgan viloyat hokimligining Tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, eksportga ko’maklashish va qo’llab-quvvatlash guruhi va Iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasiga murojaat etishlari mumkin.

Murojaat uchun telefonlarimiz (0369) 227-23-48, (+99897) 230-77-08