Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech


Namangan shahri hamda To‘raqo‘rg‘on va Chust tumanlarida qurilib foydalanishga topshirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarining zamonaviy qiyofasi ko‘zni quvontiradi.
 
Namangan viloyatida bir yo‘la uchta bog‘cha foydalanishga topshirildi
Namangan shahri hamda To‘raqo‘rg‘on va Chust tumanlarida qurilib foydalanishga topshirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarining zamonaviy qiyofasi ko‘zni quvontiradi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 10-davlat maktabgacha ta’lim muassasasi 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ota-onalar talab va istaklariga ko‘ra bu yerda 6 kunlik ish kuni joriy etilgan. Beshta guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan muassasada 14 nafar malakali pedagog xodim kichkintoylarga ta’lim-tarbiya beradi. Xonalar milliy qadriyatlarimizni aks ettiruvchi va bolalarni kitob o‘qishga qiziqtiruvchi o‘quv-metodik jihozlar, odob-axloqqa o‘rgatuvchi o‘yinlar va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlangan. Tarbiyalanuvchilar uchun 25 ta o‘yinchoq kompyuterlar to‘plami keltirilib, 8 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatildi.

4.jpg

Muassasaning birinchi qavatida tibbiyot xonasi, oshxona va tarbiyalanuvchilar uchun yopiq suzish havzasi mavjud. Shuningdek, bolalar o‘yin va sport maydonchalari, “Ertaklar shaharchasi” hamda yozgi ayvonchalar ham zamon talablari darajasida barpo etilgan.
 
Chust tumanidagi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Wonderkids’ school” nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilgani qishloq aholisini behad quvontirdi.
 
100 nafar bolani o‘z bag‘riga oladigan mazkur maktabgacha ta’lim muassasasida 6 nafar oliy ma’lumotli pedagog ta’lim-tarbiya ishlarini ingliz va rus tillarida olib boradi. Bu yerda ham ota-onalar talablari inobatga olinib, 10,5 soatli guruhlar tashkil etildi. 3 qavatdan iborat bino hovlisida 5 ta yozgi ayvoncha, yozgi basseyn va zamonaviy o‘yin maydonchalari mavjud.
 
Namangan shahar “Sardoba” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Sheroziy ko‘chasida bo‘sh turgan binoni haqiqiy ertaklar shaharchasiga aylantirgan tadbirkor Muhsin Boymatov va quruvchi Ismatillo Yusupovdan mahalla ahli juda minnatdor.
 
“Shirintoy gulg‘unchalar” nomli ushbu nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi 100 o‘rinli bo‘lib, uning ish boshlashi bilan 21 yangi ish o‘rni yaratildi. Ota-onalar talabidan kelib chiqib, bog‘chada 12 soatli guruhlar tashkil etildi. Mashg‘ulotlar o‘zbek, ingliz va rus tillarida olib boriladi.
 
Muassasa 22 ta zamonaviy kuzatuv kamerasi bilan jihozlangani tarbiyalanuvchilarning ota-onalariga jarayonni internet orqali kuzatish imkoniyatini beradi. Musiqa xonasi, tibbiyot xonasi, oshxona va boshqa xonalarda yaratilgan sharoitlar ham zamon talablariga to‘la javob beradi.
 
Muassasaning o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda binoning tom qismida xavfsizlik choralari ko‘rilgan holda, tarbiyalanuvchilar uchun o‘yin maydonchasi va yozgi ayvonchalar tashkil etilgan.
 
Bularning barchasi farzandlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ularning zamonaviy bilimlarni puxta o‘zlashtirishi uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.
 

Umida Qurbonova, O‘zA
Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech