Chop etish

Namangan shahridagi “Yoshlar markazi”da viloyat hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi viloyat Kengashi hamkorligida xayriya tadbiri tashkil etildi.

 

 

Tadbirda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov, mehnat faxriysi Abdurashid Ubaydullayev, O‘zbekiston Endokrinologlar Jamiyati raisi o‘rinbosari, "Medilife-Farma" kompa­niya­si rahbari Zuhra Raupova, viloyat endokrinologiya dispanseri bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhammadjon Vaqqosovlar muhtaram Yurt­boshimiz rahnamoligida xalq baxtu sao­dati yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar, xususan ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlarga yaratilayotgan beqiyos imkoniyatlar, qandli diabet xastaligi bilan og‘rigan bolalarni qo‘llab-quvvatlash va samarali davolash borasidagi izchil sa’y-harakatlar haqida gapirdilar.

Shahar va tumanlardan ota-onalari va shifokorlari bilan kelgan yosh bemorlarga dastlab qondagi qand miqdorini tezkor aniqlaydigan tibbiy asbobdan foydalanish tartib-qoidalari batafsil tushuntirildi. So‘ngra har bir bolaga beg‘araz glyukometr va test polostkalari tarqatildi. Shunisi ahamiyatliki, umumiy qiymati salkam 60 million so‘m bo‘lgan ushbu eng zamonaviy tibbiy asboblarni xarid etishda shahar va tuman hokimliklari, ishbilarmonlar vakillari saxovatpeshalik qilishdi.

Bolalar ijodiy jamoalari tomonidan tayyorlangan badiiy dastur tadbir qatnashchilari dilini xushnud etdi. Saxovatli insonlar tuhfa qilgan dasturxon esa o‘g‘il-qizlarga g‘oyat manzur bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir doirasida viloyatimiz tez tibbiy yordam xizmatiga ham "Medilife-Farma" va "Sanofi" kompaniyalari sovg‘asi sifatida glyukometr va test poloskalari topshirildi.