Bugun 14 aprel kuni AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi P.Spratlen Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.

Viloyat hokimligida viloyat hokimi, X.Bozarov Pamela Spratlen xonim bilan o‘zaro muloqot olib bordi.

Suhbat avvalida viloyat rahbari Namanganning boy tarixi va bugungi taraqqiyot yo‘li, iqtisodiy salohiyati, madaniy obidalari hamda aholi farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlar, yoshlarga berilayotgan e’tibor to‘g‘risida gapirib berdi.

Suhbat davomida, viloyat hokimi viloyatning iqtisodiy imkoniyatlariga, ayniqsa, eksport salohiyatiga alohida to‘xtaldi. Bugungi kunda viloyatdagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar Eron, Turkiya, Hindiston, Gruziya, Iroq, Misr, Ozarbayjon, Armaniston kabi davlatlar bilan savdo-sotiq aloqalari bog‘lagan. Birgina AQSh bilan so‘nggi yillarda 18,3 million dollardan ortiq tashqi savdo amallari bajarildi. Shu jumladan, amerikalik sarmoyadorlar ishtirokida 3 ta korxona tomonidan 14,2 mld so‘mlik mahsulotlar va xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan islohotlar, ayniqsa Angren-Pop temir yo‘lining ishga tushishi butun Farg‘ona vodiysi uchun katta imkoniyatlar ochayotgani, muloqotda alohida ta’kidlandi.   

Spratlen xonim O‘zbekistonda, xususan Namangandagi bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari tahsinga sazovorligini ta’kidlab,  yosh–avlodning ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tiborni alohida e’tirof etdi va  ko‘rsatilgan izzat – ikrom va samimiy qabul uchun viloyat rahbariga  minnatdorchilik bildirdi. Muloqot so‘ngida X.Bozarov mehmonga esdalik sovg‘alari topshirdi.

Shuningdek, tashrif doirasida martabali mehmon viloyatning diqqatga sazovor joylari, Namangan shahridagi «Do‘stlik» akademik litseyida «Access» loyihasi bo‘yicha ingliz tilini o‘rganish kursida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashdi va Chust shahridagi «Mavlono Lutfulloh Chustiy» nomli madaniyat va istirohat bog‘ida milliy xunarmandchilik (pichoqchilik, do‘ppido‘zlik, milliy liboslar va hokazo) ko‘rgazmalari, dorbozlik o‘yinlari namoyishi bilan yaqindan tanishdi.